Qirg‘izistonda Starlink rasman ishga tushdi
Olam
−
09:43 1618 2 daqiqa
Starlink sun’iy yo‘ldosh internet xizmati Qirg‘iziston hududida rasman ishga tushdi. Servisning rasmiy qamrov xaritasida mamlakat internetdan foydalanish mumkin bo‘lgan hududlar qatoriga kiritildi.
Endilikda foydalanuvchilar Starlink’ning rasmiy saytida o‘z manzilini kiritib, hududida xizmat mavjud yoki mavjud emasligini tekshirishi mumkin. Shuningdek, platforma tanlangan lokatsiya uchun amaldagi tariflarni ham ko‘rsatadi.
Qirg‘izistonda Starlink uskunalar to‘plami narxi 36 ming 270 som etib belgilangan.
Mutaxassislarning fikricha, Starlink’ning ishga tushirilishi ayniqsa tog‘li va chekka hududlar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki bunday joylarda simli yoki mobil internet sifati past yoki umuman mavjud emas.
Markaziy Osiyoda Starlink xizmatini birinchilardan bo‘lib Qozog‘iston yo‘lga qo‘ygan edi. Xizmat u yerda dastlab pilot rejimida ishga tushirilib, asosan qishloq maktablarini internet bilan ta’minlashga xizmat qilgan. Keyinchalik esa barcha foydalanuvchilar uchun ochildi.
Hozirda Qozog‘istonda Starlink internetining oylik abonent to‘lovi qariyb 800 ming so‘mni tashkil etadi. Uskunalar to‘plami esa taxminan 5,2 mln so‘mga baholanmoqda.
O‘zbekistonda esa Starlink hali rasman ishga tushmagan. Kompaniyaning rasmiy xaritasiga ko‘ra, xizmatni mamlakatda 2026 yildan boshlab yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Avvalroq bu muddat bir necha bor o‘zgartirilgan edi.
Ma’lumot uchun, Starlink – SpaceX tomonidan ishlab chiqilgan global sun’iy yo‘ldosh internet tizimi hisoblanadi. Loyiha 2015 yilda taqdim etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi dunyoning eng chekka hududlarini ham yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlashdan iborat. Hozirda xizmat dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmati Tojikistonda ishga tushgan edi.
Live
Barchasi