Aripov bosh barcha vazirlar “inomarka”dan yoppasiga voz kechmoqda
Tahlil
−
12 mart
37394Joriy yilning 5 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda amaldorlar xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, milliy avtomobil va milliy mebelga o‘tishi zarurligini aytgan edi.
Shunga ko‘ra, Bosh vazir Abdulla Aripov 7 mart kuni videoselektor yig‘ilishida barcha davlat amaldorlariga xorijiy xizmat avtomobillaridan foydalanishni to‘xtatish haqida topshiriq bergan. Bosh vazirning matbuot kotibi Behzod Hidoyatov bu qaror 1 apreldan emas, balki zudlik bilan amalga oshirilishi kerakligini ta’kidlagan:
“Menga buni 20 martdan yoki 1 apreldan joriy qilaylik, deb taklif berishyapti. Yo‘q, unaqasi ketmaydi. Prezidentimiz topshiriq berdimi, zudlik bilan bajarishimiz shart. Bu hukumatning asosiy vazifasi”, degan Bosh vazir 7 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda.
Shunga ko‘ra, amaldorlar o‘z mashinalarini yoppasiga milliy brend ostidagi avtomobillarga almashtirishga o‘tgan.
Birinchilardan bo‘lib Bosh vazir Abdulla Aripovning o‘zi qimmatbaho Mercedes-Benz rusumli xizmat avtomobili o‘rniga Malibu Premier 2 rusumli avtomobildan foydalanishga o‘tgan. Buni tasdiqlovchi videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib bo‘ldi. Bosh vazir matbuot kotibi Behzod Hidoyatov ham buni tasdiqladi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva hamda Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Chevrolet Tahoe, Bosh vazir o‘rinbosarlari Malibu, viloyat hokimlari esa Tahoe yoki Traverse’ga o‘tgan.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, TIV rahbari avvaldanoq milliy brend ostidagi Malibu 2 da yuradi. Shu sababli ham u bu masala Tashqi ishlar vazirligida allaqachon hal etilgan, deb hisoblaydi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotbay Sharipov ayni paytda Fransiyada xizmat safarida yuribdi. Qo‘ng‘irotboy Sharipov nomiga berilgan Mercedes-Benz, shuningdek, vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibiga atalgan Skoda rusumli xizmat avtomobillari esa davlat tasavvuriga qaytarilgan. Ayni paytda ularning xizmat mashinasi yo‘q. Piyoda. Vazirning o‘rinbosarlari Malibu 2’da yuradi. Endilikda vazirlikning barcha rahbari Malibu va Lacetti rusumli xizmat avtomobillaridan foydalanishi kutilmoqda.
Suv xo‘jaligi vazirli Shavkat Hamroyev Malibu 2 rusumli avtomobilda yuribdi. Vazirning birinchi o‘rinbosari Lacetti 2 ga o‘tgan. BYD Song elektromobilida yuradigan yana bir o‘rinbosar ham tez orada milliy brendga o‘tishi kutilmoqda.
“Vazirimizga Vazirlar Mahkamasidan qanday mashina berilsa, o‘shanda yuraveradilar. Hozircha bizga ham ma’lum emas”, demoqda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning axborot xizmati xodimlari.
Mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanganiga hali ko‘p bo‘lmagan Shuhrat Xolmuhammedov sobiq vazir Bahodir Qurbonovdan qolgan TrailBlazer rusumli avtomobilda yuribdi. Bu avtomobil O‘zbekistonda ishlab chiqariladi. Shunday ekan, vazir mashinasini o‘zgartirishi shart emas.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning esa Malibu 2 rusumli mashinasi bor va u ham o‘z ulovni o‘zgartirishi shart emas.
Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, vazirlikdagi barcha xizmat avtomobillari milliy brend ostida. Bundan ko‘rinadiki, vazir Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘zimizning gaz va benzinda yuradigan milliy mahsulotdagi avtomashinalarni afzal ko‘radi.
Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov bir muddat avval Mercedes rusumli xizmat mashinasini Malibu’ga almashtirgan. Bu haqda uning matbuot kotibi Saidnosir Usmonov ma’lum qildi.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ochiqlashicha, vazirlik tasarrufidagi barcha xizmat avtomobillari milliy brend ostida.
Ekologiya vazirligi esa o‘z nomiga mos va xos ravishda ekologik toza, zararsiz avtomobillardan foydalanishni afzal ko‘radi. Havoga iflos tutun chiqishining oldini olish maqsadida vazirlik grant mablag‘lari hisobiga olingan elektromobillardan, asosan, BYD rusumli mashinalardan foydalanadi.
Davlat tashkilotlariga tegishli xorijda chiqarilgan avtomobillar bosqichma-bosqich “E-autsion” elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqariladi.
LiveBarchasi