Qatar va Ummon Eron bilan muzokara o‘tkazmoqda – OAV
Olam
−
23 mart 6472 2 daqiqa
Qatar va Ummon vakillari Eron bilan norasmiy muzokaralarni boshlagan. Muzokaralar ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish va keskinlikni kamaytirishga qaratilgan. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Tehron hozircha yon bermayapti va taslim bo‘lish niyatida emas. Eron G‘arb davlatlariga maksimal iqtisodiy zarar yetkazish imkoniyati bor deb hisoblaydi, ayniqsa Hormuz ustidan nazorat orqali.
Manbalarga ko‘ra, Qatar va Ummon rasmiylari AQSH va Isroilning harbiy ustunligi yaqin vaqt ichida Eron hukumatini ag‘dara olmasligini tushunganidan so‘ng ushbu muzokaralarni boshlagan.
Eron esa muzokaralarga faqat AQSH va Isroil avval hujumlarni to‘xtatsa qo‘shilishini bildirgan.
Shuningdek, Eron parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha komissiyasi a’zosi kemalar uchun Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishda to‘lov joriy etilganini ma’lum qilgan. Ayrim bayonotlarga ko‘ra, bo‘g‘oz “Eron dushmanlari” uchun yopilishi ham mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Eronga navbatdagi ultimatumni qo‘ygandi. U 48 soat ichida Hormuz bo‘g‘ozini blokadadan chiqarish, aks holda mamlakatning energetika ob’ektlarini yo‘q qilish bilan tahdid qilgan.
Eronga qarshi urush va Hormuz bo‘g‘ozi blokadasi
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon jahon neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvlarining qariyb 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi Eron armiyasi tomonidan amalda to‘sib qo‘yilgan. Eron, shuningdek, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qator davlatlarning neft ob’ektlariga va tankerlarga zarbalar bermoqda, bu esa dunyoda energiya resurslari narxining keskin oshishiga olib keldi. Ushbu vaziyatda Donald Tramp NATO bo‘yicha ittifoqchilarni “qo‘rqoqlikda” ayblab, ularni bo‘g‘oz xavfsizligini ta’minlashda faolroq ishtirok etishga chaqirdi.
Dallas Federal zaxira banki (FZB) hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Hormuz bo‘g‘ozi blokadasi iyun oyi oxirigacha davom etsa, ikkinchi chorakda jahon iqtisodiy o‘sishi yillik nisbatda 2,9 foiz bandga qisqaradi. Agar bo‘g‘oz yilning uch choragi davomida yopiq qolsa, yil yakuniga borib neftning bir barreli narxi 132 dollarga yetishi bashorat qilinmoqda.
Joriy yil 28 fevraldan buyon AQSH va Isroil Eronga aviazarbalar bermoqda. Ushbu hujumlar oqibatida Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy hamda bir qator yuqori martabali mulozimlar va harbiylar halok bo‘ldi. Eron bunga javoban Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar bilan hujum qilmoqda. Islom Respublikasi bayonotiga ko‘ra, bu hujumlardan maqsad mintaqadagi AQSH harbiy bazalaridir. Shuningdek, Eron zarbalari ostida bir necha mamlakatlarning neft omborlari va tankerlari ham qolgan.
Live
Barchasi