Tramp Eronga Hormuzni ochish uchun 48 soat muhlat berdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga navbatdagi ultimatumni qo‘ydi. U 48 soat ichida Hormuz bo‘g‘ozini blokadadan chiqarish, aks holda mamlakatning energetika ob’ektlarini yo‘q qilish bilan tahdid qildi. Bu haqda u bugun, 22 mart kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

“Agar Eron shu daqiqadan boshlab 48 soat ichida Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq va tahdidlarsiz ochmasa, AQSH ushbu mamlakatning turli elektr stansiyalariga, eng yirigidan boshlab zarba beradi va ularni yo‘q qiladi!” deb yozdi Tramp.

Eron armiyasi Oq uy rahbarining tahdidiga darhol munosabat bildirdi.

“Agar Eronning neft va energetika infratuzilmasi dushman tomonidan hujumga uchrasa, mintaqadagi AQSH va rejimning barcha energetika, IT va suvni chuchuklashtirish ob’ektlari nishonga aylanadi”, deyiladi “Fars” agentligi tomonidan e’lon qilingan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) tezkor qo‘mondonligi bayonotida.

Ultimatumdan taxminan bir soat oldin Donald Tramp “The New York Times” tahlilchisi Devid Sangerning maqolasiga ham munosabat bildirgan. Tahlilchi AQSH Prezidenti Eronda hali ko‘plab harbiy maqsadlariga erisha olmaganini yozgan.

“Yo‘q, men maqsadlarimga rejalashtirilganidan bir necha hafta oldin erishdim! Ularning rahbariyati yo‘q qilindi, floti va harbiy havo kuchlari tor-mor etildi, ularda mutlaqo mudofaa qolmadi va ular kelishuv tuzmoqchi. Men esa yo‘q!” deb javob qaytardi Tramp.

Shuningdek, u “AQSH Eronni yer yuzidan supurib tashlaganini” da’vo qilib, NYT nashrini va uning tahlilchisini keskin tanqid qildi.

Eronga qarshi urush va Hormuz bo‘g‘ozi blokadasi

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon jahon neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvlarining qariyb 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi Eron armiyasi tomonidan amalda to‘sib qo‘yilgan. Eron, shuningdek, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qator davlatlarning neft ob’ektlariga va tankerlarga zarbalar bermoqda, bu esa dunyoda energiya resurslari narxining keskin oshishiga olib keldi. Ushbu vaziyatda Donald Tramp NATO bo‘yicha ittifoqchilarni “qo‘rqoqlikda” ayblab, ularni bo‘g‘oz xavfsizligini ta’minlashda faolroq ishtirok etishga chaqirdi.

Dallas Federal zahira banki (FZB) hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Hormuz bo‘g‘ozi blokadasi iyun oyi oxirigacha davom etsa, ikkinchi chorakda jahon iqtisodiy o‘sishi yillik nisbatda 2,9 foiz bandga qisqaradi. Agar bo‘g‘oz yilning uch choragi davomida yopiq qolsa, yil yakuniga borib neftning bir barreli narxi 132 dollarga yetishi bashorat qilinmoqda.

Joriy yil 28 fevraldan buyon AQSH va Isroil Eronga aviazarbalar bermoqda. Ushbu hujumlar oqibatida Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy hamda bir qator yuqori martabali mulozimlar va harbiylar halok bo‘ldi. Eron bunga javoban Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar bilan hujum qilmoqda. Islom Respublikasi bayonotiga ko‘ra, bu hujumlardan maqsad mintaqadagi AQSH harbiy bazalaridir. Shuningdek, Eron zarbalari ostida bir necha mamlakatlarning neft omborlari va tankerlari ham qolgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 22 davlat yetakchilari qo‘shma bayonot e’lon qilib, Eronni Hormuz bo‘g‘ozini yopgani va boshqa harakatlari uchun qoralagandi. Bayonotni BAA, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Yaponiya, Kanada, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Daniya, Latviya, Sloveniya, Estoniya, Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Chexiya, Ruminiya, Bahrayn, Litva va Avstraliya rahbarlari imzolagan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Donal'd Tramp Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing