Qashqadaryodagi perinatal markazda 21 chaqaloq vafot etgani rostmi? Rasmiy izoh berildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda qashqadaryolik fuqaroning viloyat perinatal markazida shifokorlar tamagirlik qilayotgani va kelganidan buyon bu yerda 21 nafar bola vafot etganligini aytgan videosi tarqaldi. Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur murojaat viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan. Boshqarma ishchi guruhi tomonidan murojaat muallifi va viloyat perinatal markazi navbatchi tibbiyot xodimlari ishtirokida mazkur holat muhokama qilingan. Murojaat muallifi da’vo qilgan tamagirlik holatlari huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda o‘rganilib, qonuniy baho berilishi ma’lum qilinishi aytilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, murojaat muallifi o‘z chiqishida keltirib o‘tgan viloyat perinatal markaziga kelganidan buyon bu yerda 21 nafar go‘dak vafot etgani haqidagi xabar hech qanday asosga ega emas. Boshqarma ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilgan bu kabi yolg‘on ma’lumotlar aholi, shu jumladan, perinatal markazda davolanayotgan bemor ayollar va ularning yaqinlari orasida noto‘g‘ri tasavvur va tushunchalar hamda sarosimaga olib kelishini qayd etib, shu bois har qanday vaziyatda bu kabi noqonuniy harakatlardan tiyilishni so‘ragan.

Shuningdek, murojaat muallifining turmush o‘rtog‘i joriy yilning 13 martidan 17 martigacha Toshkent tibbiyot akademiyasining tug‘uruq kompleksida homilador ayollar patologiyasi bo‘limida davolangan. Ayol 2023 yil 16 martda Respublika ona va bola skrining markazida skrining ultratovush tekshiruvidan o‘tkazilgan.

Oxirgi oylarda ayolda doimiy og‘riq bo‘lgan, u Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasining tug‘uruqqa tayyorlash bo‘limida davolanishga yotqizilgan va 2023 yilning 23 mart kuni soat 13:00 da yo‘llanma bilan viloyat perinatal markaziga “Tez tibbiy yordam” mashinasida olib kelingan. Shu kuni soat 21:00 da viloyat perinatal markazida ayol farzand dunyoga keltirgan. Chaqaloq jinsi qiz, tirik, muddatidan oldin tug‘ilgan.

Chaqaloqqa SSV tomonidan tasdiqlangan standart protokollar asosida yordam ko‘rsatilgan. Ammo shunga qaramasdan, 2023 yilning 28 mart kuni soat 13:15 da go‘dakda o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligidan biologik o‘lim qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo chaqaloq perinatal markaz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing