Qashqadaryoda otasining tazyiqiga uchragan qizlarga xolasi vasiy bo‘ldi
3-sahifa
−
15 may
4753Qashqadaryo viloyatida onasi vafot etganidan so‘ng otasi tomonidan zulmga uchragan voyaga yetmagan opa-singilga vasiylik qilish ularning xolasiga o‘tdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Bildirilishicha, ishchi guruh tomonidan qizlarning qarindoshlaridan qay biri ular uchun yashash va ta’lim olish munosib sharoitlarini ta’minlay olishi masalasi har tomonlama o‘rganilgan.
Qarshi shahar hokimining tegishli qarori bilan Q.D. (qizlarning xolasi) qizlarga vasiy etib tayinlangan.
“Q.D. o‘z homiy va vasiyligidagi voyaga yetmagan M.Sh. (2008 yilda tug‘ilgan) va N.Sh. (2010 yilda tug‘ilgan) larni tarbiyalashi, ularning ta’minoti, sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishi, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun mas’ulligi tegishlicha yuklatildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyi boshida M.Sh. onasi vafot etganidan so‘ng singlisi otasi tomonidan zulmga uchrayotgani haqida murojaat bilan chiqqandi. May oyida Bolalar ombudsmani opa-singilga nisbatan sodir etilgan jismoniy va ruhiy tazyiq holatlari tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganilganini bildirdi.