Qashqadaryoda egizak farzandlarni dunyoga keltirgan 19 yoshli ayol vafot etdi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatidagi tug‘uruqxonada jarrohlik amaliyoti vaqtida homilador ayol vafot etgani, shundan so‘ng uning yaqinlari norozi bo‘lib, janjal ko‘targani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. 

Ma’lum qilinishicha, yuqoridagi holat viloyat perinatal markazida joriy yilning 12 avgust kuni ro‘y bergan. Marhuma T.O. 2004 yilda tug‘ilgan. U Qarshi tumanida yashagan. 

“T.O. homiladorlik davrida yashash hududidagi oilaviy shifokorlik punktida “Egizak homila” tashxisi bilan nazoratga olingan. Zarur bo‘lgan barcha klinik va laborator tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Doimiy ravishda akusher-ginekolog va oilaviy shifokor nazoratida bo‘lib, uyda patronaj o‘tkazib borilgan”, deyiladi xabarda.

T.O. homiladorlik davomida “Homilaning tushish xavfi” bo‘yicha viloyat perinatal markazida 2 marta statsionar sharoitda yotib, (oxirgi marta iyun oyida) davolanib chiqqan. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, unda homiladorlik va tug‘ishga qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan.

U viloyat perinatal markazi homiladorlar patologiyasi bo‘limiga 2023 yil 31 iyul kuni soat 22:35 da “Homiladorlik 35-hafta, egizak homila, erta tug‘ish xavfi” tashxisi bilan yotqizilgan. T.O. 4 avgustda tirik, jinsi o‘g‘il, vazni 2000 gramm bo‘lgan birinchi chaqalog‘ini o‘zi tabiiy dunyoga keltirgan. Ikkinchi chaqaloq ona qornida ko‘ndalang joylashib, tug‘ruq yo‘llari yopilib qolganligi sababli kesish operatsiyasi yo‘li bilan olingan. Chaqaloq tirik, jinsi o‘g‘il, vazni esa 2800 grammni tashkil qilgan.

“Operatsiyadan keyingi davrda standartlar asosida davolash tadbirlari o‘tkazilgan. 11 avgust kuni sanaviatsiya xizmati orqali xirurg shifokor chaqirtirilib, vrachlar konsiliumi o‘tkazilgan va “Kesar kesish operatsiyasidan keyingi 7-sutka, metroyendometrit, peritonit, kamqonlik o‘rta og‘ir darajasi” tashxisi qo‘yilgan. Chaqirtirilgan xirurg shifokor yordamida soat 12:00da qayta operatsiya-relaparotomiya qilingan. Qayta operatsiyada-total gisterektomiya, qorin bo‘shlig‘i sanatsiyasi va naylash o‘tkazilgan”, deyiladi viloyat SSB munosabatida.

Viloyat perinatal markazida jadal davolash tadbirlari o‘tkazilib borilgan, lekin 12 avgust kuni soat 19:00 da ayolning ahvoli to‘satdan og‘irlashgan. T.O. da o‘tkazilgan reanimatsion davo tadbirlariga qaramasdan unda 2023 yil 12 avgust kuni 19:30 da biologik o‘lim holati qayd etilgan.

T.O. ga o‘limidan keyin “Relaparotomiyadan keyingi holat, endotoksikoz, o‘pka arteriyasi tromboyemboliyasi, kamqonlik o‘rta og‘ir darajasi, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligining og‘ir darajasi” tashxisi qo‘yilgan. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan shahar 6-sonli tug‘ruq kompleksida 26 yoshli ayolning egizak qiz farzandlari vafot etgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo ayol egizak tug'uruqxona Operatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing