Qashqadaryoda bosqinchilik qilgan jinoiy guruh ushlandi (video)
3-sahifa
−
15 mart
7175Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida bosqinchilik jinoyatini sodir etgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tumandagi Alisher Navoiy mahallasidagi xonadonlarning biriga tonggi soat 04:00 larda 3 nafar niqob kiygan noma’lum shaxslar devor orqali kirib, uy egasi, turmush o‘rtog‘i va o‘g‘liga tan jarohati yetkazgan. Jinoiy guruh ulardan pul talab qilib, uydagi shkafda bo‘lgan tilla taqinchoqlarni olib chiqib ketgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tadbirlar natijasida gumonlanuvchilar Nexia-2 avtomashinasida davlat raqamisiz hodisa joyida harakatlangani ma’lum bo‘lgan. Jinoiy harakat sodir etgan 3 nafar gumonlanuvchining shaxsiga aniqlik kiritilib, ulardan biri qo‘lga olingan. Shuningdek, bosqinchilik jinoyatini sodir etishda jabrlanuvchi to‘g‘risida ma’lumot bergan shaxs ham ushlanib, ushbu guruh 2024 yil 26 noyabr kuni Qarshi tumani Charag‘il mahallasida sodir etilgan bosqinchilikka ham aloqador ekani ma’lum bo‘lgan. Ushbu jinoyatda ishtirok etgan 1985 yilda tug‘ilgan Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi yana bir shaxs qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, hozirda 3 nafar gumonlanuvchilar Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahar Oftob ko‘chasida joylashgan “Verona” nomli kompyuter o‘yinlar klubida janjal sodir bo‘lgan edi. Keyinroq, mazkur holat yuzasidan Vallomov Otabek Baxtiyorjon o‘g‘li hamda uning besh nafar sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “b”, “ye”, “k” bandlari hamda 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi g bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

