Qashqadaryoda “bankir”larning firibgarlik sxemasi fosh etildi
3-sahifa
−
15 iyul 8418 2 daqiqa
Qashqadaryo viloyatida omonat hamda kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Departamentning Kitob tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklaridan birining hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi D.Sh. bankda yuqori foizli omonat turi mavjudligini aytib, ikki nafar fuqaroni aldagani aniqlangan. U fuqarolardan jami 19 ming AQSH dollari va 300 million so‘mni olib, bankka omonat sifatida qo‘ymasdan o‘zlashtirgani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, Ko‘kdala tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklaridan birining sobiq mahalla agenti A.B. bankdagi tanishlari orqali fuqaro nomiga 60 million so‘m kredit ajratib berishni va’da qilib, undan 300 AQSH dollari hamda 1 million so‘m olgan. U ajratilgan 60 million so‘mlik kredit mablag‘larini ham o‘zlashtirgani qayd etilgan. Tekshiruv davomida ushbu mablag‘larning 2 million so‘mi qaytarilib, bu holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Yana bir holat Muborak tumanida sodir etilgan. Unga ko‘ra, tijorat banklaridan birining Muborak filialida sobiq mahalla agenti bo‘lib ishlagan G.A. fuqaroning ishonchiga kirib, qalbaki hujjatlar yordamida uning nomiga 47 million so‘m kredit rasmiylashtirgan va mablag‘ni o‘zlashtirgan. Tekshiruv davomida mazkur kredit bankka to‘liq qaytarilgan.
Qayd etilishicha, barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahrida tadbirkorlik sub’ekti rahbari bankdan ajratilgan 1,5 mlrd so‘mlik kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi