Qamalgan prezident shifoxonaga yotqizildi

Olam

image

Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru kecha, 16 sentyabr kuni o‘zini yomon his qilgandan so‘ng shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda uning katta o‘g‘li, senator Flavio Bolsonaru X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Sobiq davlat rahbarida kuchli hiqichoq, qusish va qon bosimining pasayishi kuzatilgani aytilmoqda.

“Hech qanday jiddiy narsa bo‘lmasligi uchun barchadan duo so‘rayman”, dedi kichik Bolsonaru.

Sobiq birinchi xonim Mishel Bolsonaru esa turmush o‘rtog‘i bir qator tekshiruvlardan o‘tgani va hozirda dori-darmonlar olayotganini ma’lum qildi. 

“Hammasi yaxshi bo‘ladi!”, deb yozdi u Instagram’da.

Bu xabar sobiq prezidentning davlat to‘ntarishi uyushtirishda aybdor deb topilib, hukm chiqarilganidan bir hafta ham o‘tmay keldi. Prokurorlarning aytishicha, Bolsonaruning rejalari orasida amaldagi prezident Luis Inasiu Lula da Silvani suiqasd orqali yo‘q qilish ham bo‘lgan.

70 yoshli Bolsonaru 27 yildan ortiq muddatga qamoqqa hukm qilingan. U o‘zini aybsiz deb hisoblaydi.

O‘ta o‘ngchi siyosatchi yetti yil oldin saylovoldi targ‘ibot paytida pichoqlanib, olgan jarohatidan kelib chiqqan og‘riq sababli avval ham shifoxonaga tushgan. So‘nggi marta shifoxonaga yotqizilishi ana shu hodisa bilan bog‘liq-mi yoki yo‘q, hali aniq emas.

14 sentyabr kuni Bolsonaru qator tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan va terisidagi yallig‘langan toshmalarni olib tashlash uchun tibbiy amaliyot o‘tkazgani ham xabar qilingan. Avgust oyidan beri Bolsonaru uy qamog‘ida – sud jarayoni davom etarkan, unga qator cheklovlar qo‘yilgan, jumladan ijtimoiy tarmoqlar va mobil telefondan foydalanish taqiqlangan. 


Maqola muallifi

Teglar

Braziliya Jair Bolsonaru

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing