Italiyada sun’iy intellekt tomonidan yozilgan ilk gazeta nashr etildi
Olam
−
19 mart
1655“Il Foglio” gazetasi to‘liq sun’iy intellekt tomonidan yozilgan ilk sonini chop etdi. Sun’iy intellekt barcha maqolalar, sarlavhalar va hatto hajviy izohlarni ham o‘zi yozgan. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
“Il Foglio” bosh muharriri Klaudio Cherasa bu tajriba orqali sun’iy intellekt texnologiyalari zamonaviy jurnalistikaga qanday ta’sir o‘tkazayotganini ko‘rsatishni maqsad qilganini ta’kidladi. Maxsus nashr “Il Foglio” AI kecha, 18 mart kuni chop etilgan bo‘lib, to‘rt sahifadan iborat va bosma hamda onlayn formatda mavjud.
“Bu dunyodagi birinchi har kunlik gazeta bo‘lib, to‘liq sun’iy intellekt tomonidan yozilgan maqolalar, sarlavhalar, iqtiboslar va sharhlarning barchasini AI yozgan”, dedi Cherasa.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlar bu loyihada faqatgina sun’iy intellektga savollar berish va tayyor matnlarni tahrir qilish bilan shug‘ullangan. AI tomonidan yozilgan maqolalar oddiy va tushunarli bo‘lib, grammatik xatolar deyarli uchramagan. Ammo birorta ham maqolada haqiqiy odamlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtiboslari keltirilmagan. Shuningdek, shaxsiy fikrlar, chuqur tahlil va jonli intervyular an’anaviy jurnalistikadan farqli ravishda yo‘q bo‘lgan.
Cherasaning fikricha, ushbu tajriba AI yangilik yaratish jarayoniga qanday moslasha olishini tushunishga yordam beradi.
Boshqa yirik nashrlar ham sun’iy intellektni ishlatishini ochiq tan olmoqda. Masalan, “Associated Press” axborot agentligi jurnalistlar uchun AI imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, sun’iy intellekt sarlavhalar yaratish, maqola g‘oyalarini ishlab chiqish, intervyu savollarini tuzish va grammatik tahrirlash kabi jarayonlarda yordam berishi mumkin. Biroq butunlay AI tomonidan yozilgan materiallarni chop etish taqiqlangan va jurnalistlar matndagi har bir so‘z uchun javobgar bo‘lishi shart.
Ma’lumot uchun, 2024 yil avgust oyida OpenAI texnologik kompaniyasi nufuzli “Conde Nast” nashriyot uyi bilan ko‘p yillik hamkorlik kelishuviga erishdi. “Vogue”, “The New Yorker”, GQ kabi jurnallarni chiqaruvchi Conde Nast rahbariyati ushbu hamkorlik orqali mediamarkazlarning o‘zgarayotgan biznes-modellaridan kelib chiqadigan yo‘qotishlarni qoplash imkoniyatini ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt asosida ishlovchi odamsimon robotning birinchi asari – ingliz matematigi Alan Tyuring balandligi 2,2 metr bo‘lgan “God AI” nomli portreti Nyu-Yorkda kimoshdi savdosida 1,08 million dollarga sotilgan edi.
LiveBarchasi