Istanbulni dahshatli zilzila kutyaptimi? Shahar bunga tayyormi?
Olam
−
14 mart 2023 12334 5 daqiqa
Joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila ko‘plab davlatlarni sergak tortishga majbur qildi. Boshpanasiz qolgan odamlar, ota-onasidan ayrilib, yetim bo‘lgan bolalar, chodirlarda kun ko‘rayotgan turkiyaliklarning boshdan kechirayotganlari dunyoning boshqa davlatlari hukumatlariga qurilish sohasiga jiddiy e’tibor berish borasida signal bo‘ldi. Ayni vaqttda esa Turkiya tevaragini yana zilzila bashoratlari qoplab olgan. Ekspertlar fikricha, navbatdagi zilzila manzili Istanbul va u oldingilaridan ancha talafotli bo‘ladi.
So‘ngi kunlarda esa, Turkiya ommaviy axborot vositalari Istanbulda katta ko‘chish boshlanganini, odamlar, ayniqsa, eski binolarda yashayotganlar uylarini sotib, boshqa manzillarga ketayotganini yozmoqda. Biroq bu Hukumat uchun ham, odamlar uchun ham yechim bo‘lolmaydi. Davlat qichimagan joyni qashlab eski binolarni “qirib” tashlamasligi aniq. Istanbulning ko‘rkiga zeb berib turgan ham aynan eski binolar.
Xo‘sh, Istanbul zilzilaga tayyormi? Turkiya hukumati bunday chiqishlar va olimlarning ogoxlantirishlariga qanday munosabat bildiradi? QALAMPIR.UZ bu savol bilan Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekarga yuzlandi.
“1999 yilda sodir bo‘lgan zilziladan keyin Istanbulni zilzilaga tayyorlash ishlari ham hukumat, ham hokimiyatlar tomonidan boshlab yuborilgan. Istanbul 15 million aholiga ega katta shahar. Hozirgi kunda eskib qolgan yoki nuqsoni bo‘lgan binolar aniqlanmoqda. Nizomlarga asosan eski binolarni mustahkamlash ishlari olib borilyapti”, deya gapni qisqa qildi Olgan Bekar.

"Meduza" nashrining yozishicha, Istanbulda zilzila muqarrar, olimlar bunga amin. Minglab odamlar o‘lishi mumkin, millionlab odamlar uylarini yo‘qotishi mumkin.
“Bu muqarrar, haqiqat", degan 2006 yilda “The Guardian” gazetasiga, o‘sha paytda Istanbul texnika universiteti qoshidagi Yevroosiyo geofanlar instituti direktori bo‘lgan professor Okan Tuysuz.
Olim yaqin yillarda Istanbul hududida kuchli zilzila sodir bo‘lish ehtimolini taxmin qildi:
“Biz magnitudani bilamiz. Biz joyni bilamiz. Biz bu aniq qachon sodir bo‘lishini bilmaymiz. Ammo 2030 yilga borib Istanbulda 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘lishi ehtimoli 65 foiz. Va bu juda yuqori ehtimollik”.
So‘nggi o‘n yarim yil ichida olimlar xavotirli prognozni tasdiqlovchi yana ko‘plab hisob-kitoblarni nashr etdi (ehtimollik 35 dan 95% gacha, davr 2045 yilgacha, magnitudasi 7,0 dan yuqori). Zilzila magnitudasi nafaqat turkiyalik tadqiqotchilar, balki AQSH Geologiya xizmati mutaxassislari, Italiya, Fransiya, Yaponiya va hatto xalqaro sug‘urta kompaniyalari tomonidan ham bashorat qilingan.
Gap shaharning geografik joylashuvi haqida bormoqda. Istanbul Anadolu va Yevroosiyo tektonik plitalarining tutashgan joyida, Marmara dengizi ostidan oqib o‘tuvchi Shimoliy Anadolu yorig‘ining o‘sha qismidan 15-20 kilometr janubda joylashgan. Bu seysmik xavfni oldindan belgilab beradi. Plitalarning yoriq bo‘ylab harakatlanishi ko‘p asrlar davomida katta zilzilalarga olib kelgan. 500 yildan sal ko‘proq vaqt ichida Istanbulda yirik tabiiy ofatlar 6-7 marta sodir bo‘lgan. Eng halokatli voqealardan biri 1766 yilda, shahar yaqinidagi yoriq shoxchasi singanida kuzatilgan (aynan shu ssenariydan olimlar hali ham qo‘rqishadi).
Istanbul meriyasi tomonidan 2020 yilda seysmologlar ko‘magida tayyorlangan hisobotga ko‘ra, 7,5 magnitudali silkinishlar ta’siridan barcha 39 ta shahar tumanlari turli darajada zarar ko‘radi. Vayronagarchilikning eng katta xavfi metropolning Yevropa qismida, Marmara dengizi qirg‘og‘ida. Masalan, Avjilar tumanida mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qurbonlar soni 465 nafarga, jarohatlanganlar esa 1500 dan ortiqqa yetishi mumkin. Tumanning 104 mingdan ortiq aholisi uylaridan ayrilish xavfi ostida. Zaytunburnu tumanida 668 kishi halok bo‘lishi mumkin, 5330 dan ortiq bino qulash xavfi ostida.
Ko‘plab muhim tarixiy binolar (masalan, Ayasofya va Moviy masjid) joylashgan Fotihda tumani yanada jiddiy oqibatlar kuzatilishi mumkin: binolarning 72 foizi zilziladan omon qolmasligi mumkin, u 1500 dan ortiq insonning hayotiga tahdid soladi.
Professor Tuysuz aytgan eng yomon ssenariyga ko‘ra, Istanbul hududining 40 foizi falokat zonasida bo‘ladi va shaharni uradigan sunami balandligi yetti metrga yetadi.
Istanbul meriyasining 2021 yilda taqdim etilgan yana bir hisobotida qayd etilishicha, 7,5 magnitudali zilzila oqibatida taxminan 209 000 ta bino to‘liq yoki qisman vayron bo‘lishi mumkin (shaharda 1,16 mln bor). Bu uch millionga yaqin mahalliy aholining uysiz qolishiga olib keladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, alohida xavf zonasida ko‘p qavatli binolar 2000 yilgacha qurilgan, bugungi kunda olimlar biladigan seysmik xavfni hisobga olmagan. Istanbulda o‘n minglab bunday binolar mavjud. Rasmiylar tabiiy ofatdan yetkazilgan iqtisodiy zararni 17 milliard dollarga baholagan.
Shundan so‘ng shahar hokimligi shahar bo‘yicha yer osti suvlari paydo bo‘lishi xaritasi ishlab chiqilgani, mutaxassislar ushbu suvni jabrlanganlar vaqtinchalik yashash joylari (bular qutqaruv uskunalari va insonparvarlik yordamini yig‘ish punktlari, shuningdek, uysizlar uchun chodirli lagerlar)ga olib kelish ustida ish olib borayotganini ta’kidladi.
Bu, rasmiylarga ko‘ra, vaziyatga qarshi turishga yordam beradigan yagona profilaktika chorasi emas.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Istanbulda o‘z-o‘zidan qurilish faol olib borilmoqda. Hokimiyat o‘nlab yillar davomida ehtimoliy ofatga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘z rejalarini amalga oshira olmayapti.
Shu bilan birga, Istanbulning 2003 yilda ishlab chiqilgan zilzila oqibatlariga qarshi kurashish bosh rejasi oxirgi marta 2018 yilda yangilangan edi. 2020 yilda shahar zilzila xavfini boshqarish boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Tayfun hozirgacha bosh reja talablari bo‘yicha birorta bino qayta qurilmaganini tan oldi, lekin kelajakda 790 mingta bino xavf-xatarni baholashdan o‘tishini va’da qildi. Ba’zi binolar uchun yechim qo‘llab-quvvatlovchi tuzilmalarni mustahkamlash bo‘lishi mumkin, boshqalari uchun – to‘liq rekonstruksiya.
Live
Barchasi