Isroil janozaga yig‘ilgan falastinliklar ustiga bomba tashladi. Qurbonlar bor
Olam
−
18 iyul 4665 2 daqiqa
G‘azo sektori markazidagi Nusayrot qochqinlar lagerida avvalroq Isroil zarbasida halok bo‘lgan shaxsning janozasida ishtirok etayotganlarga qilingan havo hujumi oqibatida kamida 8 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 20 kishi esa yaralandi. Bu haqda G‘azo sog‘liqni saqlash idoralariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Tibbiyot xodimlari ma’lumotiga ko‘ra, shu kuni anklavning boshqa hududlaridagi alohida Isroil havo hujumlarida yana kamida 3 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Shu bilan kecha, 17 iyul kungi qurbonlar soni kamida 12 nafarga yetgan.
Qayd etilishicha, HAMAS Nusayrotdagi hujumni motam tutuvchilarga qarshi amalga oshirilgan “shafqatsiz qirg‘in” deb atab, vositachilar hamda BMTni Isroil hujumlarini to‘xtatish uchun chora ko‘rishga chaqirgan.
Isroil armiyasi esa Nusayrotda “Islomiy jihod” guruhiga tegishli jangarilar guruhiga zarba berilganini iddao qilgan. Harbiylar hujum oqibatida mojaroga aloqador bo‘lmagan shaxslar ham jabrlangani haqidagi ma’lumotlardan xabardor ekanini bildirgan.
Shu bilan birga, G‘azo sektori markazidagi Dayr al-Balah shahri sharqida yashovchi aholi Isroil kuchlari dronlar orqali ovozli murojaatlar tarqatib, ulardan uylarini tark etishni talab qilganini aytgan. Bu esa ayrim oilalarni xavfsiz hududlarga ko‘chishga majbur qilgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oyida Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganidan buyon Isroil hujumlari natijasida 1100 nafardan ortiq falastinlik, asosan tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Kelishuv keng ko‘lamli janglarni to‘xtatgan bo‘lsa-da, deyarli har kunlik havo zarbalarini bartaraf etmagan. Isroil bu hujumlar jangarilarga qarshi qaratilganini ta’kidlab keladi. Shu davr ichida G‘azodagi to‘qnashuvlar oqibatida 4 nafar Isroil askari ham halok bo‘lgan.
AQSHda joylashgan ACLED mojarolar monitoringi markazi ma’lumotiga ko‘ra, iyun oyida Isroilning HAMAS va boshqa guruhlarga qarshi havo hujumlari soni 40 tadan oshgan bo‘lib, bu o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan keyingi eng yuqori oylik ko‘rsatkich hisoblanadi. Markazning ma’lum qilishicha, boshqa hujumlar ikki tomonni ajratib turuvchi chiziq yaqinidagi odamlarni ham nishonga olgan va ayollar hamda bolalarni o‘z ichiga olgan tinch aholi qurbon bo‘lgan yoki jarohatlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda G‘azodagi qariyb ikki million aholining deyarli barchasi sohil bo‘yidagi tor hududda, asosan vaqtinchalik chodirlar yoki vayron bo‘lgan binolarda yashamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil armiyasining G‘azo sektoriga bergan zarbalari va o‘q uzishi oqibatida kamida to‘qqiz nafar falastinlik, jumladan, 10 yoshli bola halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi