Isroil va Livan o‘rtasida muzokaralar boshlandi
Olam
−
15 aprel 2545 2 daqiqa
AQSH poytaxti Vashingtonda Isroil va Livan vakillari o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
Bu 1993 yildan beri ikki davlat o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar sanaladi.
Uchrashuvda Isroilning AQSHdagi elchisi Yexiel Leyter va Livanning AQSHdagi elchisi Nada Xamade Moavad ishtirok etgan. Bu uchrashuv ikki davlat vakillari o‘rtasidagi tarixdagi eng yuqori darajadagi bevosita aloqa sifatida baholanmoqda.
Muzokaralar AQSH vositachiligida uch tomonlama formatda o‘tgan. Unda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Davlat departamenti maslahatchisi Maykl Nidxem, AQSHning Livandagi elchisi Mishel Issa ham qatnashgan. Uchrashuv taxminan ikki soat davom etgan.
Muzokaralar yakunida tomonlar tinchlik yo‘lida oldinga qadam tashlab, kelajakda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlashga tayyor ekanini bildirgan. Biroq bu muzokaralarning aniq vaqti va joyi keyinroq kelishib olinadi. AQSH Davlat departamenti ushbu uchrashuvni “tarixiy bosqich” deb atab, ikki davlat o‘rtasida keng qamrovli tinchlik kelishuvi tuzilishiga umid bildirgan.
AQSH tomoni, shuningdek, Isroilning “Hizbulloh” tomonidan davom etayotgan hujumlardan o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. Shu bilan birga, har qanday o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv faqat ikki davlat hukumatlari o‘rtasida, AQSH vositachiligida amalga oshirilishi kerakligi qayd etilgan. AQSH bu muzokaralar Livanni tiklash va iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga yordam berishini, shuningdek, ikki davlat uchun investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishini bildirgan.
Livanning AQSHdagi elchisi muzokaralar tafsilotlari haqida gapirar ekan, u o‘t ochishni to‘xtatish, urush sabab uyini tark etgan fuqarolarni o‘z uylariga qaytarish va mamlakatdagi chuqur gumanitar inqirozni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralarni kelishib olish zarurligini ta’kidlagan.
Isroil tomoni esa barcha nodavlat qurolli va terrorchi guruhlarni qurolsizlantirish, Livandagi terror infratuzilmasini yo‘q qilish zarurligini bildirgan. Shuningdek, Isroil hukumati Livan bilan hamkorlik qilishga va bu orqali ikki davlat xavfsizligini ta’minlashga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Livan bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik muzokaralarini boshlash bo‘yicha topshiriq bergandi. Netanyaxuning aytishicha, muzokaralar asosan “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish va ikki davlat o‘rtasida tinch munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga qaratiladi. U Livan tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot boshlashga bo‘lgan chaqiriqlarni ham ijobiy baholagan.
Live
Barchasi