Isroil va BAA maxfiy temiryo‘l loyihasini qayta tikladi

Olam

image

Isroil Birlashgan Arab Amirliklari bilan birgalikda Fors ko‘rfazini O‘rtayer dengizi bilan bog‘laydigan “Tinchlik yo‘li" temiryo‘l loyihasini qayta tikladi. Bu haqda Isroilning “Cursorinfo" nashri xabar berdi.

Keltirilishicha, Isroilni Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bilan bog‘laydigan yangi temiryo‘l loyihasi bir necha yildan beri deyarli jimgina amalga oshirilgan, ammo ma’lum muddat to‘xtab qolgan.

Temiryo‘l loyihasi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning Oq uyga tashrifidan so‘ng yana darhol qayta tiklangan.

Isroil Transport vaziri Miri Regev o‘tgan hafta bu masalani muhokama qilish uchun BAAga yashirincha tashrif buyurgan va Isroil delegatsiyasi Abu-Dabidagi muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlab, mamlakatga qaytgan. 

Rejaga ko‘ra, Hindistonning Mundra portidan keladigan yuklar avval dengiz orqali BAAga yetkaziladi. BAAdan esa maxsus temiryo‘l bilan Saudiya Arabistoni va Iordaniya hududi orqali Hayfa portiga olib boriladi. U yerdan esa yuklar Yevropa bozorlariga yo‘naltiriladi.

Ushbu temiryo‘l loyihasi Ibrohim kelishuvlarining mantiqiy davomi bo‘lib, mintaqaviy savdo va logistika oqimini tubdan o‘zgartirishi kutilmoqda.

Hozirgacha BAAdan kelgan yuk mashinalari Allenbi (Podshoh Husayn) punkti orqali o‘tgani sababli murakkab va uzoq byurokratik tartiblarga duch kelayotgan edi. Yangi tizim esa maxsus ruxsatnomalar asosida ancha tezkor va soddalashtirilgan tartibda harakatlanish imkonini yaratadi. 

Ma’lumot o‘rnida, dastlab 2018 yilda AQSH tomonidan ilgari surilgan “Tinchlik uchun temiryo‘llar” tashabbusi bugungi kunda Hindiston, Yaqin Sharq va Yevropani bog‘lovchi IMEC (India–Middle East–Europe Corridor) iqtisodiy yo‘lagiga aylangan. Mazkur yo‘lak nafaqat yuklarni temiryo‘l va dengiz orqali tashish imkonini beradi, balki unda aloqa kabellari, energiya quvurlari va boshqa muhim infratuzilma ob’ektlari ham joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Isroil 2025 yilning 10 oktyabridan boshlangan HAMAS bilan sulh kelishuvidan so‘ng G‘azodagi o‘z nazorati ostida qolgan hududlardagi 1 500 dan ortiq binolarni vayron qilgani haqida xabar berilgandi.

Komila Qobilova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

BAA Isroil temiryo'l

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing