Isroil va AQSH hujumi: Eronda 200 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Amerika va Isroilning Eron hududiga yo‘llagan zarbalari oqibatida kamida 201 kishi halok bo‘ldi, 747 kishi esa turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Bu haqda Eron Qizil Yarim oy jamiyati xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘qqa tutishlardan Eronning 31 ta provinsiyasidan 24 tasi jabr ko‘rgan. “Reuters”ning guvohlarga tayanib xabar berishicha, Tehron aholisi shaharni imkon qadar tezroq tark etishga harakat qilmoqda, chunki u yerda qolish o‘ta xavfli bo‘lib qolgan. Mahalliy hokimiyat ham bunga chaqirmoqda.

Eron rasmiy OAVlari xabariga ko‘ra, Minabdagi qizlar maktabiga berilgan zarba oqibatida 85 kishi halok bo‘lgan. Yana 92 kishi jarohatlangan.

Isroilda Eronning javob zarbalari oqibatida 89 kishi jabrlandi, halok bo‘lganlar haqida ma’lumot yo‘q. Bu haqda Isroilning “Magen David Adom” tez yordam xizmati ma’lum qildi. Jabrlanganlarning aksariyati boshpanalarga borish yo‘lida jarohat olgan. Kafr-Qosimda raketa parchalari qo‘yxonaga tushishi oqibatida bir necha qo‘y nobud bo‘lgan.

“Iran International” mustaqil media nashri xabariga ko‘ra, Quvaytda Eron zarbalari oqibatida 12 nafar tinch aholi vakili va Quvayt armiyasining uch nafar harbiy xizmatchisi yaralangan.

BAAda Dubaydagi Fairmont The Palm mehmonxonasiga dron zarbasi berilishi oqibatida to‘rt kishi jarohat olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Yaqin Sharqdagi Amerika harbiy ob’ektlariga yo‘llagan raketa zarbalari AQSH armiyasi shaxsiy tarkibi orasida ommaviy talofatlarga olib kelgani, xususan, kamida 200 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani va yaralangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing