Isroil Tehrondagi uran sentrifuga zavodiga zarba berdi
Olam
−
18 iyun 6457 2 daqiqa
Isroil SAXAL kuchlari bugun, 18 iyunga o‘tar kechasi Tehrondagi uranni boyitish sentrifugalarini ishlab chiqarish korxonalari va Erondagi raketa zavodlariga zarba berdi. Operatsiyada Isroil harbiy-havo kuchlarining 50 ga yaqin samolyoti ishtirok etdi. Bu haqda SAXAL matbuot xizmati xabar berdi.
Isroil harbiylariga ko‘ra, nishonlar orasida qurol-yarog‘ zavodlari, jumladan, Eron Isroilga qarata otgan “yer-yer” toifasidagi raketalar uchun xomashyo va butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan zavodlar, shuningdek, samolyotlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan “yer-havo” raketalari uchun tizimlar va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi ob’ektlar bo‘lgan.
Isroil avvalroq havo zarbalari bilan Natanzdagi yerosti zavodida uranni boyitish sentrifugalarini yo‘q qilgan edi. Isfahondagi yadroviy inshootda ham Isroil zarbalari oqibatida ko‘rilgan zarar qayd etilgan. Shu bilan birga, Fordoni boyitish zavodi maydonida va qurilayotgan Xondab og‘ir suv reaktorida hech qanday zarar qayd etilmagan. Bushehr atom elektr stansiyasi so‘nggi hujumlarning nishoni bo‘lmagan va ular Tehrondagi tadqiqot reaktori kabi zarar ko‘rmagan.
Eron axborot agentliklarining xabar berishicha, Isroil harbiylari Tehron sharqidagi Imom Husayn universitetiga zarba bergan. “The Times of Israel” nashrining yozishicha, bu ta’lim muassasasi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan bog‘langan.
Eron, o‘z navbatida, yana Isroilga raketa uchirdi. Eronning “Tasnim” agentligi raketa zarbasi mojaro boshlanganidan beri eng ommaviy zarbalardan biri bo‘lganini da’vo qilmoqda. Isroilda vayronalar va qurbonlar haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.
Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlab, yadroviy inshootlar, harbiy bazalar va Eron armiyasi xodimlariga zarba berdi. Isroil rasmiylari o‘z hujumlarini Tehronning yadroviy qurol yaratishga xavfli yondashuvi bilan izohladi.
Eron atom bombasi yaratish ayblovlarini rad etdi va Isroilga javob zarbalari yo‘lladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu SAXALning zarbalari Eron yadro dasturini yillar orqaga surganini aytdi. Biroq, AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, yadroviy qurol yaratish uchun zarur miqdorda yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarish uchun Eronga yana kamida uch yil kerak bo‘lgan. Shu bilan birga, AQSH razvedkasining qayd etishicha, Isroilning raketa zarbalari Eronning yadroviy dasturini atigi bir necha oyga to‘xtatib qo‘ygan.
Live
Barchasi