Isroil Olimpiada o‘yinlarida qatnashmasligi kerak – JAR
Olam
−
03 iyun
5254Janubiy Afrika Respublikasi Parijda bo‘lib o‘tadigan 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlarida Isroilning ishtirok etishini to‘liq taqiqlashga intiladi. Bu haqda JARning birinchi prezidenti Nelson Mandelaning nabirasi va Respublika Milliy Assambleyasi a’zosi Nkosi Mandela ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Janubiy Afrikaning G‘azodagi vaziyat fonida Isroilga Parij Olimpiadasida qatnashishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligiga ishonchi komil.
“Hozirda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi rossiyalik sportchilarni Ukrainadagi mojaro tufayli to‘xtatib qo‘ymoqda. Biz o‘z arizamizni XOQda ro‘yxatdan o‘tkazdik, unda Rossiya Olimpiada o‘yinlaridan chetlashtirilsa, biz ham sionistik rejimni musobaqadan chetlashtirishga chaqiramiz”, deydi kichik Mandela.
Mandela Isroil falastinliklarga qarshi genotsid qilayotgani, buni Xalqaro sud tasdiqlaganini ta’kidlaydi.
Deputatning aytishicha, Janubiy Afrika Isroilning musobaqada ishtirok etishini to‘liq taqiqlashga intiladi hamda Global Janub mamlakatlari, Islom davlatlari va BRICS a’zolarini ushbu fikrni qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi.
“Agar Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Isroilning ishtirokini taqiqlamasa, biz bu mamlakatlarni bu yilgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashmaslikka chaqiramiz”, deydi kichik Mandela.
Eslatib o‘tamiz, Janubiy Afrika 2023 yil 29 dekabr kuni Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari va “Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi konvensiyani buzganligi yuzasidan Gaagadagi Xalqaro sudga murojaat qilgandi.