Isroil falastinlik mahbuslarni qatl qilishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qildi (video)
Olam
−
31 mart 3649 2 daqiqa
Isroil Knesseti (parlament) terrorchilik jinoyatlari uchun o‘lim jazosini joriy etishni nazarda tutuvchi qonunni qabul qilgan. Hujjatni 62 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan, 48 nafari qarshi ovoz bergan, yana biri betaraf qolgan. Bu haqda “ The Jerusalem Post” xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, agar shaxs terrorchilik harakati davomida ataylab odam o‘ldirsa, unga o‘lim jazosi qo‘llanadi. Hukm chiqarilgandan so‘ng, jazoni 90 kun ichida osish orqali ijro etish rejalashtirilgan.
Ushbu qonunni joriy etish tashabbusi ultrao‘ng siyosiy kuch – “Yahudiy kuchi” deputatlari tomonidan ilgari surilgan. Bu partiyaga Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir rahbarlik qiladi.
Qonun qabul qilingach, deputatlar bu voqeani nishonlab shampan ichgan. Ben-Gvir o‘zining Telegram-kanalida video joylab, unda u hamkorlari bilan birga qadah ko‘targan.
“Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qonun asosan falastinliklarga ta’sir qiladi. Chunki ularga nisbatan harbiy sudlar terrorchilik ishlari bo‘yicha ko‘pincha sirtdan hukm chiqargan.
Isroilda qotillik uchun o‘lim jazosi 1954 yilda bekor qilingan edi.
G‘arbiy Sohildagi harbiy sudlar falastinliklarga o‘lim jazosi chiqarish huquqiga ega bo‘lsada, amalda bu jazoni hech qachon qo‘llamagan.
Falastin Prezidenti Mahmud Abbos ushbu qonunni qoralab, uni falastinliklarni qo‘rqitishga qaratilgan “muvaffaqiyatsizlikka mahkum urinish” deb atagan.
Shuningdek, Isroilning yetakchi inson huquqlari tashkilotlari bu qonunni “institutsionallashtirilgan diskriminatsiya va falastinliklarga nisbatan irqchilik zo‘ravonligi” deb baholagan.
Live
Barchasi