Isroil-Eron urushi Ukraina uchun ajoyib imkoniyat yaratdi
Olam
−
07 mart 17608 2 daqiqa
AQSHning Eronga qarshi harbiy amaliyoti Pentagon va Ukraina o‘rtasida muhokama qilinayotgan dron texnologiyalari bo‘yicha kelishuviga tezlik qo‘shdi. Vashington Kiyevning dronlarga qarshi kurashda to‘plagan tajribasidan foydalanishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Politico” yozdi.
So‘nggi yillarda Rossiyaning “Shahid” turidagi dron hujumlariga qarshi kurashish jarayonida Ukraina arzon va samarali to‘xtatuvchi dronlar hamda boshqa usullarni ishlab chiqqan. Eron ham shunga o‘xshash arzon dronlardan faol foydalanayotgani AQSH va uning ittifoqchilari uchun jiddiy muammoga aylangan. Masalan, arzon dronlarni yo‘q qilish uchun qimmatbaho raketa tizimlaridan foydalanish iqtisodiy jihatdan samarasiz ekani aytilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, Pentagon va Ukraina o‘rtasida texnologiya almashish bo‘yicha muzokaralar qariyb bir yildan beri davom etmoqda. AQSH harbiy vakillari yaqinda Kiyevga tashrif buyurib, sinovdan o‘tgan dronlarga qarshi texnologiyalardan qanday foydalanish mumkinligini muhokama qilgan.
Ukraina uchun bu muzokaralar muhim diplomatik imkoniyat sifatida baholanmoqda. Kiyev AQSH va boshqa hamkorlarga o‘z tajribasini taklif qilish orqali qo‘shimcha moliyaviy va harbiy yordamga erishishni maqsad qilmoqda. Shu bilan birga, dron texnologiyalarini boshqalarga berish o‘zining mudofaa qobiliyatiga salbiy ta’sir qilmasligiga ham e’tibor qaratmoqda.
Ekspertlar ta’kidlashicha, arzon to‘xtatuvchi dronlardan foydalanish qimmat raketalarga nisbatan ancha samarali. Masalan, Ukrainada ishlab chiqilgan ba’zi dronlar taxminan 3 ming dollarga tushsa, “Shahid” droni 50 ming dollar atrofida, uni yo‘q qilish uchun ishlatiladigan “Patriot” raketasi esa millionlab dollar turadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Vladimir Zelenskiy Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainadan Eron dronlaridan himoyalanishda yordam so‘raganini aytgan edi.
Live
Barchasi