AQSH va Isroil dushmanlari bilan yarashmoqchi. Nega birdan?
Tahlil
−
11:20 5105 10 daqiqa
Donald Tramp Eron bilan yana qaytadan muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qildi. Ammo AQSH Senati Eron bilan urushni to‘xtatish haqidagi rezolyutsiyani rad etdi. Eron arab davlatlaridan ham tovon talab qilmoqda. Isroil va Livan vakillari o‘rtasida esa tarixiy deb atalayotgan muzokara bo‘lib o‘tdi. Chunki bu 1993 yildan beri ikki davlat o‘rtasida o‘tkazilgan ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri diplomatik suhbat hisoblanadi. Urushni boshlab berganlar kelishish uchun bunchalik harakat qilayotgani ularning qo‘rqayotganini anglatdimi? Nega AQSH va Eron sulh tuzganining ertasigayoq o‘z pozitsiyasini ko‘rsatish uchun Livanga raketalar uchirgan Isroil bugun endi yarashishni xohlab qoldi? Yahudiylar o‘zi tinchlikni rostdan xohlashadimi? So‘nggi voqealarni tahlil qilib, mana shu savollarga javob topishga urinamiz!
AQSH Prezidenti Donald Tramp 15 aprel kuni yaqin 48 soat ichida Eron bilan yangi muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qildi. Uchrashuv kutilmaganda asosiy vositachiga aylangan va avvalgi “do‘stlashish” marosimiga ham mezbonlik qilgan Pokiston hududida bo‘lib o‘tishi ehtimoli yuqori. Tramp “New York Post” nashriga telefon orqali bergan intervyusida, agar tomonlar Pokistonda qolsa, yaqin kunlarda muhim o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini aytgan. Shuningdek, Pokiston armiyasi rahbari Osim Munirning vositachilikdagi rolini yuqori baholab, aynan uning sa’y-harakatlari tufayli muzokaralar qayta tiklanishi ehtimoli oshganini ta’kidlagan.
Navbatdagi muzokaralarda AQSH tomonidan vitse-prezident Jey Di Vens, shuningdek, maxsus vakillar Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etishi kutilmoqda. Ular 21 soat davom etgan, ammo natijasiz tugagan avvalgi uchrashuvda ham Islomobodda edi. Tomonlar muhokama qilgan asosiy mavzular: yadro dasturi va Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati masalasida kelisha olmadi.
Ko‘pchilik bu natijani avvaldan taxmin qilgandi. Chunki Eron qo‘ygan talablar AQSH bu mamlakatga nisbatan olib borgan bir necha o‘n yillik siyosatini mantiqsiz qilib ko‘rsatsa, Tramp va uning tarafdorlari qo‘yayotgan shartlar Eronning asosiy ustunliklarini yo‘qqa chiqarar edi. Mantiqan qaralsa, ikki tomon ham yomg‘irni osmondan yerga emas, yerdan samoga yog‘ishini talab qilayotgandek ko‘rindi bir-biriga. Shundan so‘ng AQSH ushbu dengiz yo‘lagini bloklash boshlanganini e’lon qildi.
13 aprel kuni AQSHning sharqiy vaqti bilan soat 10:00 dan boshlab Amerika harbiy-dengiz kuchlari bo‘g‘ozga kirish yoki chiqishga urinayotgan kemalarni to‘xtatishni boshladi. Donald Tramp o‘z bayonotida, agar biror kema blokadaga yaqinlashsa, u darhol yo‘q qilinishi haqida ogohlantirgan. Uning aytishicha, AQSH kuchlari “tez va qat’iy” harakat qiladi. Shuningdek, u: “Eronning kemalari dengiz tubida butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. Biz ularning oz sonli, ular “tezkor hujum” deb ataydigan kemalariga zarba bermadik, chunki biz ularni tahdid deb hisoblamadik. Ogohlantirish: Agar ushbu kemalardan birortasi bizning blokadamizga yaqinlashsa, ular darhol yo‘q qilinadi. Bu tez va shafqatsiz”, degan Oq uy rahbari.
Eron tomoni keskin munosabat bilan Trampning gaplariga javob qaytardi. Yuqori martabali harbiy maslahatchi Muxsin Rizoiy AQSHning blokadasi “muvaffaqiyatsizlikka mahkum” ekanini bildirib, mamlakat harbiylari har qanday tahdidga qarshi javob berish uchun “katta imkoniyatlarga” ega ekanini ta’kidladi.
Jahon neftining taxminan 15–20 foizi va suyultirilgan gazning 30 foizdan ortig‘i o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat jiddiy ekani yana shubhalarning ko‘payishiga hamda neft narxining qimmatlashishiga sabab bo‘ldi. Biroq, AQSH tomonidan e’lon qilingan blokadaga qaramay, Xitoy tankeri 14 aprel kuni Hormuz bo‘g‘ozidan bemalol o‘tgan. Buning ortidan AQSHning qudratini kinoya bilan ta’riflash boshlandi. O‘zbekcha qilib tushuntirganda, Tramp dunyo hamjamiyati oldida xuddi maktablarda katta qorni, semiz tanasi borligi uchungina sinfning “birinchi qo‘rqmasi” deb ataladigan, ammo urusha olmagani uchun keyinchalik hamma masxara qilgan o‘quvchidek ko‘rinib qoldi.
Blokadani ko‘rmaganday o‘tib ketgan tanker SHANGHAI XUANRUN kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. Bu kompaniya Eron bilan hamkorlik qilgani sababli AQSH sanksiyalari ostida. Kema taxminan 250 ming barrel etanol tashigan. Yuklash Birlashgan Arab Amirliklari portlaridan birida amalga oshirilgan.
Buning ortidan esa Eronga tegishli juda katta neft tankeri blokadani muvaffaqiyatli kesib o‘tdi. “Fars” agentligining ma’lum qilishicha, 2 million barrel neft tashish imkoniga ega supertanker hech qanday to‘siqlarsiz o‘z manziliga yetib borgan. Sanksiyalar ostida bo‘lgan ushbu kema ochiq dengiz orqali harakatlanib, Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tgan va Eron suv hududiga kirganda pozitsiyalash tizimini yoqqan. Ehtimol, blokada ham foyda bermayotganini ko‘rgani uchun AQSH sulh bo‘yicha “2-raund”ga chiqishga majbur bo‘layotgandir. Ammo, AQSH Senati Eron bilan urushni to‘xtatish haqidagi rezolyutsiyani rad etdi. Taqdim etilgan hujjatga ko‘ra, Kongress rasman ruxsat bermaguncha urushni davom ettirish taqiqlanishi kerak edi. Taklifni 47 senator qo‘llab-quvvatlagan, 52 nafari qarshi chiqqan, yana bir senator ovoz berishda qatnashmagan. Hujjat Demokratlar partiyasi vakillari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bu yil ichida ilgari surilgan to‘rtinchi shunday tashabbus hisoblanadi. Ularning barchasi Senatda rad etilgan, chunki ko‘pchilik o‘rinlar Respublikachilar partiyasi nazoratida.
AQSH Konstitutsiyasiga ko‘ra, urush e’lon qilish huquqi Kongressga tegishli. Biroq ko‘plab amerikalik siyosatchilar bu qoida qisqa muddatli harbiy amaliyotlarga yoki mamlakatga bevosita tahdid mavjud bo‘lgan holatlarga to‘liq taalluqli emas, deb hisoblaydi. Joriy yilning mart oyi boshida AQSHning har ikki palatasi – Vakillar palatasi va Senat Donald Trampga Eronga qarshi operatsiyani Kongress roziligisiz olib borishni taqiqlashga qaratilgan rezolyutsiyani ham rad etgan edi. O‘shanda 53 senator va Vakillar palatasining 219 a’zosi hujjatga qarshi ovoz bergan.
Shu o‘rinda yana bir ma’lumot: AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi davomida 399 nafar AQSH harbiy xizmatchisi jarohat olgani rasman e’lon qilindi. Norasmiy statistika esa bundan ancha yuqorida deb taxmin qilayotgan siyosatchilar ham yo‘q emas.
Eron qo‘shnilaridan pul talab qilyapti
Eron hukumati AQSH va Isroilning harbiy operatsiyasidagi roli uchun besh arab davlatidan kompensatsiya talab qilyapti. Bu haqda Eron rasman Birlashgan Millatlar Tashkilotiga murojaat yo‘llagan. Hujjatda Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya javobgarlikka tortilishi kerakligi aytilgan. Eron ularning barchasidan mamlakatga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun to‘liq kompensatsiya to‘lashni talab qilmoqda. Tehronning ta’kidlashicha, ushbu davlatlar o‘z hududlarini Eronga qarshi hujumlar uchun taqdim etgan, ayrim hollarda esa bevosita “noqonuniy qurolli zarbalarda”, jumladan fuqarolik ob’ektlariga qaratilgan hujumlarda ishtirok etgan. Shu sababli Eron bu harakatlarni xalqaro huquq nuqtai nazaridan “agressiya” deb baholamoqda. Biroq Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Iordaniya bu ayblovlarni rad etib, AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasida ishtirok etmaganini ma’lum qilgan.
Isroil kutilmaganda yarashmoqchi!
Endi AQSH va Eron sulh uchun harakat qilayotgan bir paytda ham Livanga hujumlarni kuchaytirgan Isroil mavzusiga o‘tamiz. 14 aprel kuni AQSH poytaxti Vashingtonda Isroil va Livan vakillari o‘rtasida kutilmaganda muzokaralar boshlandi. Bu yerda “kutilmaganda” so‘zi urushga xayrixohlik mazmunida emas, Isroilning birdan yarashishni xohlab qolganiga nisbatan ishlatildi. Chunki bu 1993 yildan beri ikki davlat o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar sanaladi.
Uchrashuvda Isroilning AQSHdagi elchisi Yexiel Leyter va Livanning AQSHdagi elchisi Nada Xamade Moavad ishtirok etgan. Bu uchrashuv ikki davlat vakillari o‘rtasidagi tarixdagi eng yuqori darajadagi bevosita aloqa sifatida baholandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar tinchlik yo‘lida oldinga qadam tashlab, kelajakda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlashga tayyor ekanini bildirgan. Biroq bu muzokaralarning aniq vaqti va joyi keyinroq kelishib olinadi. AQSH Davlat departamenti ushbu uchrashuvni “tarixiy bosqich” deb atab, ikki davlat o‘rtasida keng qamrovli tinchlik kelishuvi tuzilishiga umid bildirgan.
Ammo AQSH tomoni Isroilning “Hizbulloh” tomonidan davom etayotgan hujumlardan o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. Shu bilan birga, har qanday o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv faqat ikki davlat hukumatlari o‘rtasida, AQSH vositachiligida amalga oshirilishi kerakligi qayd etilgan. AQSH bu muzokaralar Livanni tiklash va iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga yordam berishini, shuningdek, ikki davlat uchun investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishini bildirgan.
Livanning AQSHdagi elchisi muzokaralar tafsilotlari haqida gapirar ekan, u o‘t ochishni to‘xtatish, urush sabab uyini tark etgan fuqarolarni o‘z uylariga qaytarish va mamlakatdagi chuqur gumanitar inqirozni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralarni kelishib olish zarurligini ta’kidlagan.
Isroil tomoni esa barcha nodavlat qurolli va terrorchi guruhlarni qurolsizlantirish, Livanni terror infratuzilmasidan tozalash zarurligini bildirgan. Shuningdek, Isroil hukumati Livan bilan hamkorlik qilishga va bu orqali ikki davlat xavfsizligini ta’minlashga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Ha, mana shunday rasmiy va jimjimador gaplar aytilgan, xolos. “Amalda-chi?”, degan savolga hozircha javob bera olmaymiz, afsuski. Biroq haqli savol tug‘iladi: Isroil o‘zi tinchlikni xohlaydimi? Keling, dunyo bu haqda nima deyapti, ko‘rib chiqamiz.
Katta Isroil konsepsiyasi
Yaqin Sharqdagi qonli to‘qnashuvlar shunchaki chegara daxlsizligi yoki “Hizbulloh” va “Hamas” kabi guruhlarni yo‘q qilish amaliyoti emasligi kundan-kun ayon bo‘lib bormoqda. 2026 yil apreliga kelib, mintaqadagi harbiy harakatlar ko‘lami shunchalik kengaydiki, endilikda tahlilchilar Tel-Avivning uzoq muddatli va o‘ta xavfli strategiyasi — “Buyuk Isroil” g‘oyasi haqida ochiq gapira boshladilar. Agar Eron bu kurashda mag‘lub etilsa yoki neytrallansa, Isroilning keyingi nishoni kim bo‘ladi? Bu savolga javob izlagan ko‘plab ekspertlar nigohi Anqaraga — Turkiyaga qaratilmoqda.
“Buyuk Isroil” g‘oyasi — bu shunchaki radikal diniy oqimning orzusi emas, balki Isroilning o‘ng qanot siyosatchilari va sionistik doiralarning asosiy mafkuraviy yo‘nalishidir. Tarixiy, diniy manbalar va “Nildan Frotgacha” tushunchasiga tayanadigan ushbu g‘oya Isroil davlati chegaralarini hozirgi hududlardan bir necha barobar kengaytirishni nazarda tutadi. Bu loyiha Misr, Iordaniya, Suriya, Livan, Iroq, Saudiya Arabistonining bir qismi va eng muhimi, Turkiyaning janubi-sharqiy hududlarini qamrab oladi.
Nega aynan Turkiya? Oxirgi oylarda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an o‘z chiqishlarida Isroilning tajovuzkorligini shunchaki Falastin bilan cheklanmasligini, navbatdagi maqsad “Anadolu” tuproqlari ekanini bir necha bor ta’kidladi. Isroilning “Hizbulloh”ga qarshi Livanda olib borayotgan va 2026 yil 8 aprelda yangi bosqichga chiqqan raketa hujumlari strategik jihatdan Turkiya chegaralariga yaqinlashish uchun tashlangan qadam sifatida baholanmoqda. Agar Eron mintaqaviy o‘yinchi sifatida safdan chiqarilsa, Turkiya Isroilning gegemonligiga to‘sqinlik qiluvchi keyingi yirik islomiy va harbiy qudrat bo‘lib qoladi.
Tarixiy dalillarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, “Buyuk Isroil” xaritalari turli davrlarda Isroil parlamentida ham, ayrim siyosatchilarning ramzlarida ham ko‘rinish bergan. Masalan, Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrichning o‘tmishdagi chiqishlarida Iordaniyani ham o‘z ichiga olgan xarita aks etgani xalqaro maydonda katta muhokamaga sabab bo‘lgan edi. Bugun esa bu xaritalar harbiy amaliyotlar bilan hayotga tatbiq etilayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Isroilning 2024–2026 yillardagi harbiy byudjeti keskin oshishi va AQSHdan olinayotgan rekord darajadagi, 3,8 milliard dollardan ortiq harbiy yordamlar aynan mana shu ekspansiya uchun poydevor vazifasini o‘tamoqda.
Isroil uchun Eron — bu “qarshilik o‘qi”ning yuragi. Agar kelgusida sulh amalga oshmay, Eron to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbaga uchrasa, mintaqadagi kuchlar balansi butunlay izdan chiqadi. Eronning mag‘lubiyati Iroq va Suriyaning shimolidagi bo‘shliqni keltirib chiqaradi. Aynan shu hududlar Isroilning «xavfsizlik kamari» niqobi ostida o‘z nazoratiga olishni istagan «Frot havzasi» hisoblanadi. Turkiya uchun esa bu bevosita milliy xavfsizlikka tahdiddir, chunki gap nafaqat yer, balki mintaqadagi suv resurslari va energiya yo‘llari ustidan nazorat haqida ketmoqda.
Bugun Yaqin Sharqda shaxmat taxtasi yig‘ishtirib qo‘yilib, o‘rniga omon qolish va hududlarni bo‘lib olish o‘yini boshlangan. Isroil o‘zining sionistik mafkurasi asosida chizilgan xaritalarni reallikka aylantirish uchun vaqtdan unumli foydalanmoqda. Dunyo hamjamiyati G‘azo va Livandagi insoniy yo‘qotishlar bilan band bo‘lgan bir paytda, Tel-Aviv uzoq yillik strategik rejasining navbatdagi bandlariga o‘tmoqda. Eng e’tiborlisi esa, Tel-Avivga dunyoning eng qudratli davlati AQSH yordam bermoqda. Isroil lobbisining ta’siri bugun nafaqat Amerika xalqi ongida, balki Oq uy eshiklari ortida ham katta ta’sirga ega bo‘lib qolmoqda. Kim yahudiylarga qarshi bir so‘z gapirsa, «toshbo‘ron qilinmoqda», obro‘sizlantirilmoqda yoki yo‘q qilinmoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Buyuk Isroil” g‘oyasi shunchaki utopiya emas, balki aniq moliyaviy, harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlovga ega loyihadir. Eronning zaiflashishi bu loyihaning ikkinchi bosqichini boshlab beradi va unda Turkiya o‘z hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun misli ko‘rilmagan bosimga duch kelishi muqarrar. Hozircha esa raketalar sadosi va diplomatik muzokaralar ortida yangi Yaqin Sharq xaritasi qon bilan chizilmoqda. Bu xaritada Turkiya va boshqa davlatlar uchun joy qoladimi yoki yo‘q — buni yaqin oylar ko‘rsatadi. Bir narsa aniqki: Isroil hali to‘xtamaydi!
Live
Barchasi