Iroqning 5 futbolchisiga JCH uchun AQSH vizasi berilmadi
Sport
−
13 may 1713 1 daqiqa
Iroq milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan 5 nafar futbolchisiga AQSH vizasi berilmadi. Bu haqda Iroq futbol assotsiatsiyasi vakili G‘olib Al-Zameliga tayanib, “Shafaq News” nashri xabar berdi.
Vizasi rad etilgan futbolchilar orasida Ibrohim Bayesh, Mohanad Ali, Haydar Abdul-Karim, Ali Al-Xamadi va Toshkentning “Paxtakor” jamoasi futbolchisi Zoyid Tahsin bor. Futbolchilarga turli sabablarga ko‘ra viza berilmagan.
Xabarda aytilishicha, Iroq futbol assotsiatsiyasi ushbu masala yuzasidan FIFA’dan yordam so‘rashni rejalashtirmoqda. Iroq futbol rasmiylari muammoga tezkor yechim topilishiga umid qilmoqda, chunki vizasi rad etilgan futbolchilarning aksariyati terma jamoaning asosiy tarkibidan joy olgan asosiy tarkib futbolchilari hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 1 aprel kuni Iroq qit’alararo pley-off bosqichida Boliviyani mag‘lubiyatga uchratgan holda Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Ular mundialda Fransiya, Senegal va Norvegiya terma jamoalari bilan birga “I” guruhidan joy olgan.
Live
Barchasi