“Inter Mayami” tarixda ilk bor Chempionlar ligasida ishtirok etadi
Sport
−
16 avgust 2023 16462 2 daqiqa
Bugun, 16 avgust kuni Argentinalik futbolchi Lionel Messi boshchiligidagi AQSHning “Inter Mayami” klubi MLS + MX Liga kubogining final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
“Subaru Park” stadionida bo‘lib o‘tgan yarim final uchrashuvida “Filadelfiya Yunion” ustidan qozonilgan 4:1 ko‘rinishidagi g‘alaba “Inter Mayami”ga mazkur musobaqa finalini va o‘z tarixida ilk bor Shimoliy Amerika Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini taqdim etdi.
Liga kubogi klublar o‘rtasidagi turnir bo‘lib, unda AQSH va Meksika jamoalari o‘ynaydi. Bu yildan boshlab u KONKAKAF homiyligida rasmiy musobaqaga aylandi. Liga kubogining eng yaxshi uchta jamoasi avtomatik ravishda 2024 yilgi KONKAKAF Chempionlar Kubogida (avval Chempionlar ligasi nomi bilan atalgan) ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Unga ko‘ra, MLS + MX Liga kubogining finalchilari “Inter Mayami” va “Nashvill” klublari allaqachon mazkur yo‘llanmani o‘z nomiga band qilib ulgurgan, faqat ularning qay biri 1-o‘rin bilan chiqishini aniqlab olish qolgan.
Ma’lumot uchun, har ikkala klub ham ushbu turnirda ilk bor o‘ynaydi. Ular musobaqani aynan qaysi bosqichdan boshlashi 20 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan Liga kubogi finali natijasiga bog‘liq bo‘ladi. G‘olib to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l oladi.
“Filadelfiya Yunion” va “Monterrey” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv g‘olibi esa KONKAKAF turniriga uchinchi o‘rinda chiqish yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun bahslashadi.
Live
Barchasi