Instagram ham pullik obunani sinovdan o‘tkazmoqda

Texnologiya

image

Meta kompaniyasi bir nechta davlatda Instagram uchun Instagram Plus deb nomlangan premium-obunani sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda kompaniya vakillariga tayanib, “TechCrunch” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu obuna foydalanuvchilarga eksklyuziv funksiyalardan foydalanish imkoniyatini beradi. Yangi imkoniyatlar orasida Stories’ni (24 soatdan keyin o‘chib ketuvchi foto yoki videolar) muallifga bildirmasdan ko‘rish imkoniyati bor – sodda qilib aytganda, pullik obunachilar anonim rejimga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, ular qaysidir foydalanuvchi ularning “hikoya”sini necha marta ko‘rganini kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi.

Taxmin qilinayotgan boshqa yangiliklar qatorida “Yaqin do‘stlar” toifasidan tashqari Stories uchun cheklanmagan miqdorda foydalanuvchilar ro‘yxatini tuzish imkoniyati ham bor. Shuningdek, pullik obunachilar “hikoya”larini standart 24 soat o‘rniga 48 soatga joylashtirishlari mumkin bo‘lgan rejim kutilmoqda. Shuningdek, haftada bir marta “hikoya”ning ko‘rinish darajasini (qamrovini) qo‘shimcha ravishda oshirish imkonini beruvchi “Ajratib ko‘rsatish” (Highlighting) funksiyasi paydo bo‘lishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, Instagram Plus hozirda Meksika, Yaponiya va Filippinda sinovdan o‘tkazilmoqda. Narxlar (hozircha) ancha past va mintaqaga qarab farq qiladi: 3,9 meksika pesosi, 319 iyena yoki 65 filippin pesosi – bu taxminan 1–2 dollar atrofida degani.

Instagram Plus qachon ommaviy ishlay boshlashi va u barcha mamlakatlarda mavjud bo‘lish-bo‘lmasligi hozircha ma’lum qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI ChatGPT’da reklama joylashtirilishini e’lon qilgandi. Sinovlar AQSHda bepul versiya va ChatGPT Go (oyiga 8 dollar) tarifidagi foydalanuvchilar uchun boshlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Instagram pullik obuna

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing