Infantinoning maslahatchisi FIFA siyosatiga norozilik sifatida iste’foga chiqdi
Sport
−
31 iyul 1384 2 daqiqa
FIFA prezidenti Janni Infantinoning katta maslahatchisi Karlos Kordeyro tashkilotning Jahon chempionati tijorat huquqlaridagi o‘z ulushini xususiy investorlarga sotish rejasiga norozilik sifatida lavozimini tark etdi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.
Karlos Kordeyro AQSH futbol federatsiyasining sobiq prezidenti hamda Goldman Sachs kompaniyasining sobiq vitse-raisi hisoblanadi. U FIFA prezidentining katta maslahatchisi sifatida 2021 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi.
“FIFA prezidentining katta maslahatchisi, sobiq bankir va futbolga chin dildan oshno inson sifatida tashkilot Jahon chempionati huquqlaridagi ulushini sotishni ko‘rib chiqayotgan bir paytda befarq qololmayman. Aniq aytaman: men ushbu taklifni tayyorlashda ishtirok etmaganman va unga qat’iy qarshiman. Bu FIFA’ga a’zo assotsiatsiyalar uchun ham, futbol uchun ham, o‘yinning uzoq muddatli kelajagi uchun ham yomon kelishuvdir”, deydi Kordeyro.
Uning ta’kidlashicha, FIFA’ning asosiy vazifasi har qanday narx evaziga tijorat daromadini maksimal darajaga yetkazish emas, balki kelajak avlodlar uchun futbolni himoya qilish va yanada rivojlantirishdan iborat.
“Besh yildan ortiq vaqt davomida FIFA’da xizmat qilish va futbol taqdiriga befarq bo‘lmagan, prinsiplarga sodiq insonlar bilan yelkama-yelka ishlash men uchun katta sharaf bo‘ldi. Umid qilamanki, ular ham o‘z fikrlarini ochiq aytadi. Chunki bunday muhim qarorlar futboldan daromad oladiganlar emas, balki uning manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadiganlar tomonidan qabul qilinishi lozim”, deydi Kordeyro.
Eslatib o‘tamiz, FIFA Jahon chempionati tijorat huquqlaridagi o‘z ulushining bir qismini sotish rejasidan keyin UEFA’ga a’zo milliy assotsiatsiyalar FIFA’ning bahsli rejalariga qarshi chiqib, ushbu tashabbus bekor qilinmaguncha tashkilotning barcha musobaqalarini boykot qilishini e’lon qildi.
Live
Barchasi