Infantinoning Italiya haqidagi gaplari mojaroga aylandi

Sport

image

Italiya Sport vaziri Andrea Abodi FIFA prezidenti Janni Infantinoning milliy terma jamoa haqidagi hazilidan so‘ng undan shaxsan izoh olishni istayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida ma’lum qildi.

“Italiya va Meksika o‘rtasidagi masofa uzoqligini hisobga olsak, uning rejalari haqida aniqroq tasavvurga ega bo‘lish uchun telefon orqali muloqot qilish maqbul. Men uning fikrini bevosita eshitishga qiziqaman”, deydi Abodi.

Infantino intervyularidan birida FIFA Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 48 tadan 64 tagacha oshirish imkoniyatini muhokama qilayotganini aytgan. Shu bilan birga, u ketma-ket uchinchi marta mundialga chiqa olmagan Italiya terma jamoasi haqida hazil qilgan.

“Ehtimol, 64 ta jamoa ishtirok etsa, Italiya ham yo‘llanmani qo‘lga kiritar. Hatto ular mundialga chiqa oladimi-yo‘qmi, shuni ko‘rish uchun turnirni 208 ta jamoagacha kengaytirishimiz mumkin”, degan FIFA rahbari.

Bu bayonot Italiya futbol doiralarida keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) ham FIFA prezidentining so‘zlarini tanqid qildi.

“Bu noo‘rin bayonot bo‘lib, uning uslubi butun Italiya sport hamjamiyatining his-tuyg‘ulariga ozor yetkazdi”, deyiladi federatsiya munosabatida.

Ma’lumot uchun, Italiya terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati Yevropa saralash bosqichining pley-offida mag‘lubiyatga uchradi. Jamoa Bosniya va Gersegovinaga qarshi bahsda asosiy vaqtni 1:1 hisobida yakunlagan bo‘lsa-da, penaltilar seriyasida 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi va mundial yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi.

Shu tariqa, to‘rt karra jahon chempionlari hisoblangan Italiya ketma-ket uchinchi bor Jahon chempionatini o‘tkazib yubormoqda. Avvalroq, “Skuadra Adzurra” 2018 yil Rossiyada va 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan mundiallarga ham chiqa olmagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing