Infantino mundial vaqtida Yer ekvatorini ikki marta “aylandi”
Sport
−
18 iyul 3835 2 daqiqa
FIFA prezidenti Janni Infantino 2026 yilgi Jahon chempionati davomida AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tgan 40 dan ortiq uchrashuvni bevosita stadiondan tomosha qildi hamda u buning uchun jami qariyb 93 ming kilometr masofani bosib o‘tdi. Bu Yer ekvatori uzunligidan qariyb ikki baravar ko‘pdir. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Infantino “Qatar Airways” tomonidan boshqariladigan va FIFA mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan biznes samolyotidan foydalangan. Jahon chempionati davomida u 13 marta bir kunning o‘zida ikki uchrashuvni tomosha qilgan. Ayrim hollarda bu o‘yinlar turli shaharlar, hatto turli mamlakatlarda o‘tkazilgan.
Uning eng uzoq safari joriy yilning 26 iyun kuniga to‘g‘ri kelgan. O‘sha kuni Infantino Filadelfiyadagi Kot-d’Ivuar – Kyurasao uchrashuvidan so‘ng tungi reys bilan Mayamiga, u yerdan Iordaniya terma jamoasi ishtirokidagi bahsni kuzatish uchun Dallasga, keyin esa Misr – Eron o‘yinini tomosha qilish uchun Sietlga yo‘l olgan. Uchrashuvdan keyin esa yana Mayamiga qaytgan. Ushbu safarning umumiy masofasi qariyb 9 ming kilometrni tashkil etgan.
“FlyUSA” xususiy aviakompaniyasi bosh direktori Barri Shevlinning ta’kidlashicha, mazkur yo‘nalish bo‘yicha yoqilg‘i xarajatlari 350 ming dollardan oshishi mumkin. Shuningdek, ushbu parvozlar natijasida atmosferaga chiqarilgan karbonat angidrid miqdori o‘rtacha 40 nafar amerikalikning bir yillik uglerod iziga teng.
Ma’lumot o‘rnida, 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida Infantino turnirning barcha 64 ta uchrashuvida ishtirok etgan edi. Bu yilgi mundialda esa musobaqa uch mamlakat hududida o‘tkazilgani bois, uning safarlari va bosib o‘tgan masofasi yanada ortgan.
Live
Barchasi