Infantino 2026 yilgi JCHni tarixdagi eng yaxshi turnir deb aytdi
Sport
−
18 iyul 719 2 daqiqa
FIFA prezidenti Janni Infantino AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan 2026 yilgi Jahon chempionatini tarixdagi eng yaxshi turnir deb atadi. Bu haqda u AQSH Prezidenti Donld Tramp bilan Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi.
“Men sizlarga ajoyib Jahon chempionatini va’da qilgan edim. Bu turnir, shubhasiz, barcha kutilmalardan ham oshiqroq natija ko‘rsatdi. AQSH, Kanada va Meksikadagi stadionlar muxlislar bilan to‘la, barcha o‘yinlardan xursand va xotirjam bahramand bo‘lmoqda. Amerika orzusi ro‘yobga chiqdi, biz Amerikada butun dunyoni birlashtirdik”, deydi Infantino.
Infantino 2016 yilda FIFA prezidenti etib saylanganidan buyon o‘tkazilgan har bir Jahon chempionatini “eng yaxshisi” deb baholab keladi. U 2018 yilda Rossiyada, 2022 yilda esa Qatarda bo‘lib o‘tgan mundiallarni ham eng yaxshi turnir sifatida e’tirof etgan edi.
Shuningdek, Infantino ushbu turnirda AQSH Prezidenti Donald Trampning ishtirokini ham yuqori baholagan.
“Sizsiz bu Jahon chempionati bunchalik muvaffaqiyatli bo‘lmas edi. Bu nafaqat tarixdagi eng buyuk Jahon chempionati, balki insoniyat tarixidagi eng yirik ijtimoiy-madaniy voqeadir. Biz barchamiz ushbu tadbirning bir qismiga aylandik va buning uchun sizga minnatdorlik bildirmoqchiman. Yana ikkita o‘yin qolgan bo‘lsa-da, allaqachon butun dunyo, Amerika va FIFA ushbu turnirdan katta foyda ko‘rganini aytishimiz mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan FIFA prezidenti.
Tarixda ilk bor FIFA Jahon chempionati bir vaqtning o‘zida uchta davlat – AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkazilmoqda. Shuningdek, musobaqada birinchi marta 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etmoqda.
Turnir joriy yilning 19 iyul kuni Nyu-Yorkda Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi final uchrashuvi bilan yakunlanadi.
Live
Barchasi