Indoneziyada bolalar Prezident tashabbusi bilan tarqatilgan ovqatdan zaharlandi
Olam
−
15 avgust 4035 2 daqiqa
Kecha, 14 avgust kuni Indoneziyaning Markaziy Yava viloyati Sragen shahrida Prezident Prabovo Subianto tashabbusi bilan joriy etilgan bepul maktab tushligidan 360 dan ortiq kishi zaharlandi. Bu haqda “Independent” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning yanvaridan beri amalga oshirilayotgan bepul maktab tushligi dasturi arxipelagdagi turli joylarda ommaviy zaharlanishga sabab bo‘lib, jami mingdan ortiq odamga ta’sir qilgan. Sragen hokimi Sigit Pamungkasning aytishicha, 365 kishini zaharlagan ovqat namunasi laboratoriyaga yuborilgan va zarurat bo‘lsa, davolanish xarajatlari hukumat tomonidan qoplanadi. Rasmiylarning aytishicha, bu bepul ovqat dasturida hozirgacha qayd etilgan eng yirik zaharlanish holati hisoblanadi.
Mahalliy o‘rta maktab o‘quvchilaridan biri kechasi qorin og‘rig‘i, bosh og‘rig‘i va diareya bilan uyg‘onganini, ijtimoiy tarmoqlarda sinfdoshlari ham xuddi shunday shikoyatlar qilganini ko‘rgach, bu ovqatdan zaharlanish ekanini anglaganini bildirgan. Tushlik tarkibida guruch, omlet bo‘laklari, bodring va salat, olma bo‘laklari hamda sut bo‘lgan. Bu ovqat markaziy oshxonada tayyorlanib, bir necha maktabga tarqatilgan.
“Laboratoriya natijalari chiqmaguncha, o‘sha oshxonadan ovqat tarqatishni vaqtincha to‘xtatishni so‘radik”, deydi Sigit.
Dasturga mas’ul bo‘lgan Milliy ovqatlanish agentligi rahbari Dadan Hindayana avvalgi zaharlanish hodisalaridan so‘ng oshxonalar faoliyati va yetkazib berish jarayonlarida standartlar oshirilganini bildirgan.
Ko‘p milliard dollarlik bu siyosat Prabovoning saylovoldi kampaniyasida asosiy dastur hisoblanadi. Prezident aholining turmush sifatini oshirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishini aytmoqda.
Bepul ovqat dasturi hozirgacha 15 milliondan ortiq kishini qamrab olgan, yil oxiriga borib esa 83 million odamga yetkazish rejalashtirilgan. Shu yil uchun dasturga 10,62 mlrd dollar ajratilgan. Yanvar oyida butun mamlakat bo‘ylab 190 ga yaqin oshxona, jumladan harbiy qismlar huzuridagi oshxonalar ham ishga tushirilgan.
Bundan oldin, joriy yilning may oyida G‘arbiy Yava viloyatidagi shaharda yuz bergan zaharlanish hodisasida 200 dan ortiq o‘quvchi jabrlangan. Laboratoriya tekshiruvlari ovqatda Salmonella va E.coli bakteriyalari borligini aniqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iroqda 621 nafar ziyoratchi xlordan zaharlanishi oqibatida shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingandi. Hodisa mamlakatning markaziy va janubiy qismida joylashgan Najaf va Karbalo shaharlari o‘rtasidagi yo‘lda yuz bergan.
Live
Barchasi