“Iltimos qilmang, talab qiling”. Energetika vaziri tadbirkorlarni o‘z haqqini talab qilishga chaqirdi
Jamiyat
−
31 iyul 7728 2 daqiqa
Agar tadbirkorlarda hamma hujjati to‘g‘ri bo‘lsa, ular “Elektr tarmoqlari”dan iltimos emas, talab qilishi kerak. Bu haqda kecha, 30 iyul kuni Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda so‘z ochdi.
Energetika vazirligiga ko‘ra, ochiq muloqotda Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev hamda tuman hokimi San’atbek Jumaniyozov ishtirok etgan. Unda tumanda faoliyat yuritayotgan 27 nafar tadbirkor ishtirok etib, (17 ta elektr va 6 ta gaz va boshqa) elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti, tarmoqlardagi uzilishlar, yoz oylarida elektr quvvati va qish mavsumida gaz bosimining yetarli emasligi, elektr va gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shart olish, energiya resurslari bo‘yicha qarzdorlik hamda boshqa masalalar yuzasidan o‘z murojaat va takliflarini bildirgan.
Qayd etilishicha, muloqot davomida elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanganda qo‘llanilgan moliyaviy sanksiyalarni bekor qilish yoki ularning miqdorini kamaytirish Energetika vazirligi vakolatiga kirmasligi, bunday masalalar amaldagi qonunchilikka muvofiq sud tartibida ko‘rib chiqilishi mumkinligi yuzasidan tushuntirish berilgan.
Shuningdek, tadbirkorlarga elektr va gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron tarzda rasmiylashtirilishi, bu kabi masalalarni elektr yoki gaz ta’minoti korxonalari xodimlari bilan norasmiy tartibda hal etishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, agar tizim xodimlari tomonidan manfaat evaziga noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, tadbirkorlardan bu haqda tegishli organlarga yoki Energetika vazirligiga murojaat qilish kerakligi aytilgan. Bunday holatlarga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda taqdim etilishi ma’lum qilingan.
“Hamma hujjatingiz to‘g‘ri bo‘lsa, siz “Elektr tarmoqlari”dan iltimos qilmang, talab qiling. Bunga to‘liq haqqingiz bor”, deydi Energetika vaziri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni bartaraf etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida 15 ta hududda maxsus shtablar tashkil etilgani haqida xabar berilgan edi. Har bir shtabga energetika tizimi tashkilotlari boshliqlari rahbar etib biriktirilgan. Tuman hokimlari esa shtab rahbarlarining o‘rinbosari etib belgilangan. Xususan, Yangiyo‘l tumaniga Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayevning o‘zi rahbarlik qilmoqda. U oldinroq Energetika vaziri lavozimidan ozod etilgan Jo‘rabek Mirzamahmudovning o‘rnini egallagan edi.
Live
Barchasi