Ilon Mask siyosatga qaytishga qaror qildi – OAV

Olam

image

AQSH Kongressi uchun bo‘lib o‘tadigan saylovlar arafasida Ilon Mask siyosiy faolligini kuchaytirib, respublikachilarni moliyalashtirishni qayta boshladi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, amerikalik milliarder yana respublikachilarga yirik xayriyalar ajratishni boshlagan hamda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan munosabatlarini tiklagan. Bu holat 2026 yil noyabrida o‘tkaziladigan Kongressda oraliq saylovlar bilan bog‘lanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon Ilon Mask respublikachi Neyt Morrisning saylov kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 10 mln dollar yo‘naltirgan. Uzoq yillik senator Mitch Makkonnell siyosatdan ketganidan so‘ng Morris Kentukki shtatidan senator bo‘lish uchun nomzod sifatida ko‘rilmoqda.

“Milliarderning siyosiy strategiyasini uning siyosiy texnologi Kris Yang muvofiqlashtirmoqda. Jamoa raqamli kampaniyalar va xabarlar orqali tashviqot olib boruvchi pudratchilar bilan muzokaralar olib bormoqda hamda ehtimoliy keng ko‘lamli kampaniyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda”, deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, Maskning saylov jarayonidagi ishtiroki formati bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. U 2024 yilda Trampning saylov kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan America PAC orqali moliyalashtirishni ham, boshqa siyosiy qo‘mitalar va alohida saylov poygalariga sarmoya kiritishni ham ko‘rib chiqmoqda.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, 2024 yildagi prezidentlik saylov kampaniyasi vaqtida Mask Tramp hamda respublikachilarni qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 300 mln dollar sarflagan va AQSHdagi eng yirik ma’lum siyosiy donor sifatida qayd etilgan. 2025 yil iyunidan buyon esa uning xayriyalari atigi 42 mln dollarni tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yozida Ilon Mask AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan janjallashib qolgan edi. Bunga Tramp ilgari surgan “Katta, chiroyli qonun” sabab bo‘lgan. Mask agar qonun qabul qilinsa, o‘z partiyasini tuzishini aytgan. Bunga javoban Tramp “Ilon butunlay yo‘ldan chiqdi” degan edi. Keyinchalik Mask milliarder Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha Trampni yana tilga olgan. Tramp esa Maskning respublikachilarga qaytishdan boshqa chorasi yo‘qligini ta’kidlagan. O‘tgan yil sentyabr oyida esa Donald Tramp va Ilon Mask Charli Kirk xotirasiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tgan stadionda birga ko‘ringan. Mojarodan so‘ng ilk bor siyosatchi va biznesmen bir-biri bilan qo‘l berib ko‘rishgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ilon Mask

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing