Ilk bor Makka pakti tafsilotlari ochiqlandi. Unda nimalar deyilgan?
Olam
−
18:41 1369 5 daqiqa
Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasida joriy yilning 7 avgust kuni imzolangan “Makka qo‘shma mudofaa to‘g‘risida”gi kelishuvni tasdiqlash haqidagi qonun loyihasi Turkiya Buyuk Millat Majlisiga kiritildi. 16 ta moddadan iborat kelishuvga ko‘ra, tomonlardan biriga tashqaridan qilingan qurolli hujum barcha tomonlarga qilingan hujum deb hisoblanadi va hujumga uchragan mamlakatga, jumladan, harbiy imkoniyatlar orqali ham yordam ko‘rsatiladi. Yangi mamlakatlar kelishuvga faqat uch mamlakatning bir ovozdan roziligi (yakdil qarori) bilangina qo‘shilishlari mumkin. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
“Makka qo‘shma mudofaa to‘g‘risida”gi kelishuv moddalari parlamentga taqdim etilgan qonun loyihasidan ma’lum bo‘lgan. Kelishuv nafaqat qo‘shma mudofaa majburiyatini, balki razvedka ma’lumotlarini almashish, logistik qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma mashg‘ulotlar va mudofaa sanoatida hamkorlikda ishlab chiqarish kabi sohalarni ham qamrab oladi.
Turkiya Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Burhoniddin Duran o‘zining NSosyal akkauntidagi postda qonun loyihasining Buyuk Millat Majlisiga kiritilishiga baho bergan. Duran “Mintaqa mamlakatlarining mintaqa muammolari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishiga asoslangan Makka qo‘shma mudofaa kelishuvi” iborasini qo‘llagan holda, qonun loyihasining parlamentga kiritilishini “uch qardosh mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni institutsionallashtirish yo‘lidagi muhim bosqich” deb qayd etgan.
Duran kelishuv jamoaviy tiyib turish omilini mustahkamlash va qo‘shma mudofaa imkoniyatlarini oshirishga qaratilganini urg‘ulab, tasdiqlash jarayoni xayrli bo‘lishini tilagan va aloqador tomonlar hamda deputatlarga minnatdorlik bildirgan.
Kelishuvning 2-moddasiga ko‘ra, “tomonlardan biriga tashqaridan qilingan qurolli hujum barcha “Tomonlar”ga qilingan hujum deb hisoblanadi”. Harbiy tajovuzkorlik ham ushbu kontekstda baholanadi. BMT Nizomining 51-moddasi bo‘yicha o‘zini himoya qilish huquqiga asoslangan ushbu moddaga muvofiq, hujumga uchragan mamlakatga mavjud bo‘lgan barcha o‘zaro yordam imkoniyatlari, jumladan, harbiy vositalar bilan darhol yordam ko‘rsatiladi.
Kelishuvda Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston “Asosiy tomonlar” sifatida belgilangan. Yangi mamlakatlarning kelishuvga qo‘shilishiga faqat asosiy tomonlarning roziligi bilan ruxsat beriladi. Kelishuvga o‘zgartirishlar kiritish uchun ham asosiy tomonlarning bir ovozdan roziligi talab qilinadi.
Makka kelishuvining moddalari:
1-modda: Tomonlar mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilish maqsadida hamkorlik qiladi va tahdid yuzaga kelgan taqdirda zarur usullarga murojaat qiladi.
2-modda: Tomonlardan biriga tashqaridan qilingan qurolli hujum barcha tomonlarga qilingan hujum deb hisoblanadi. Hujumga uchragan tomonga darhol, jumladan, harbiy vositalar bilan yordam ko‘rsatiladi.
3-modda: Mudofaa, mudofaa sanoati va xavfsizlik sohalarida yaqindan hamkorlik qilinadi, qurolli kuchlar o‘rtasidagi munosabatlar rivojlantiriladi.
4-modda: Xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha muntazam maslahatlashuvlar o‘tkaziladi, hayotiy muhim manfaatlarni himoya qilish uchun qo‘shma baholashga asoslangan choralar ko‘riladi.
5-modda: Terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik, jumladan, operativ darajada mustahkamlanadi.
6-modda: Tinchlik va urush davrida xodimlar (shaxsiy tarkib) almashinuvi amalga oshiriladi, qo‘shma tayyorgarlik va mashg‘ulotlar tashkil etiladi, operativ mutanosiblik (hamkorlikda harakat qilish qobiliyati) oshiriladi.
7-modda: Mudofaa sanoatida texnologiyalar va tajriba bo‘lishiladi. Ilg‘or texnologiyalar sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari, innovatsion faoliyat va hamkorlikda ishlab chiqarish amalga oshiriladi, malakali xodimlar tayyorlanadi.
8-modda: Tashqi ishlar va mudofaa vazirlari hamda bosh shtab boshliqlari tarkibidan iborat “Strategik siyosiy va mudofaa qo‘mitasi” tuziladi. Qo‘mita yilda ikki marta navbat bilan tomonlarning hududida yig‘iladi. Yetakchilar zarur hollarda yilda bir marta uchrashadi. Doimiy kotibiyat Saudiya Arabistonida joylashadi. Pokiston fuqarosi birinchi bosh kotib bo‘ladi, bosh kotiblik esa uch yillik muddatlar bilan rotatsiya asosida amalga oshiriladi.
9-modda: Ma’lumot va razvedka ma’lumotlarini almashish kelishilgan xavfsiz kanallar orqali amalga oshiriladi, axborot xavfsizligi ta’minlanadi.
10-modda: Tinchlik davrida, urush paytida va favqulodda vaziyatlarda logistik qo‘llab-quvvatlash, jumladan, qurol-yarog‘, o‘q-dori, yoqilg‘i va ehtiyot qismlar yetkazib beriladi.
11-modda: Kelishuv amalga oshirish uchun huquqiy asos hisoblanadi va zarur hollarda qo‘shimcha qonunchilik choralari taklif etiladi.
12-modda: Tomonlarning ilgari imzolagan xalqaro kelishuvlaridan kelib chiqadigan majburiyatlari saqlanib qoladi.
13-modda: Maxfiylik grifiga ega bo‘lgan ma’lumotlar uchinchi davlatlarga, kompaniyalarga yoki shaxslarga berilmaydi. Ushbu ma’lumotlardan foydalanish “bilish zarur” tamoyili bo‘yicha amalga oshiriladi.
14-modda: Kelishuvni talqin qilish yoki qo‘llashdan kelib chiqadigan nizolar maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali do‘stona yo‘l bilan hal etiladi.
15-modda: Kelishuv asosiy tomonlar o‘rtasidagi maslahatlashuv va bir ovozdan rozilik bilan o‘zgartirilishi mumkin.
16-modda: Kelishuv oxirgi tasdiqlash hujjati kotibiyatga topshirilgan sanadan boshlab kuchga kiradi va muddatsiz amal qiladi. Tomonlar dastlabki 10 yil ichida kelishuvdan chiqa olmaydi; ushbu muddat o‘tgach, ular 3 oy oldin yozma ravishda ogahlantirish yuborish orqali chiqishlari mumkin. Amal qilishning to‘xtatilishi yoki chiqish joriy tadbirlar va loyihalarga ta’sir qilmaydi, maxfiylik bo‘yicha majburiyatlar esa saqlanib qoladi.
Kelishuv uchta asliy nusxada – turk, arab va ingliz tillarida imzolangan. Matnlar o‘rtasida talqin qilishda farqlar yuzaga kelgan taqdirda inglizcha matn asos qilib olinadi.
Qonun loyihasi avval Turkiya Buyuk Millat Majlisining Tashqi ishlar komissiyasida ko‘rib chiqiladi. Komissiyada qabul qilingandan so‘ng u Bosh assambleya kun tartibiga olib chiqiladi.
Ma’lumot uchun, Makka mudofaa alyansi 2026 yil 7 avgustda Saudiya Arabistoni, Pokiston va Turkiya tomonidan qo‘shma mudofaa to‘g‘risidagi bitim imzolanganida tashkil etilgan edi. Hujjat ishtirokchi mamlakatlardan birortasiga qilingan qurolli hujumni uchtasiga ham qilingan hujum sifatida ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Anqara va Islomobod Makka pakti doirasida Saudiya Arabistonida harbiy kontingentlarini joylashtirishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi