Ilhom Aliyev ham Mujtabo Xomanaiyni tabrikladi
Olam
−
09 mart 5286 2 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Oyatulloh Sayyid Mujtabo Xomanaiyga Eron Islom Respublikasi Oliy rahbari bo‘lgani munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Hurmatli Sayyid Mujtabo Xomanaiy, sizni Eron Islom Respublikasining Oliy rahbari lavozimiga saylanganingiz munosabati bilan samimiy tabriklayman.
Shuningdek, otangiz – Eron Islom Respublikasining oliy rahbari Oyatulloh Sayyid Ali Xomanaiyning fojiali vafoti munosabati bilan sizga chuqur ta’ziya izhor qilaman”, deyiladi maktubda.
Shuningdek, Aliyev maktubida ikki mamlakat orasidagi aloqalar yana-da yaxshilanishiga ishonch bildirgan.
“Ozarbayjon Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar tarixan mehribon qo‘shnichilik va do‘stlik ruhida rivojlangan bo‘lib, bu xalqlarimizning irodasidan kelib chiqqan. Davlatlararo aloqalarimizni xalqlarimiz manfaatlariga muvofiq, o‘zaro hurmat va ishonch asosida yanada rivojlantirish uchun birgalikda harakat qilishimizga umid bildiraman.
Yuqori lavozimga tayinlanishingiz munosabati bilan sizni yana bir bor tabriklab, do‘st va aka-uka bo‘lgan Eron xalqiga tinchlik va osoyishtalik tilayman”, deydi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev.
Qayd etish joiz, bungacha Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Ilhom Aliyev bilan telefon orqali suhbatlashib, Naxechivonga qilingan havo hujumi bilan bog‘liq hodisa Eron bilan aloqador emasligini ta’kidlab, ushbu voqea, albatta, tekshirilishini bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, Ali Xomanaiy 28 fevral kuni Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi davomida Isroil aviazarbasi oqibatida o‘ldirilgan edi. Bugun, 9 mart kuni Eron nashrlari Mujtabo Xomanaiy yangi oliy rahbar bo‘lganini e’lon qildi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi unga sodiqlik qasamini ichdi, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa Mujtabo Xomanaiyning tayinlanishini “islom millatining milliy birlikni mustahkamlashga bo‘lgan intilishi ifodasi” deb atadi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Eronning yangi Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiyga uning saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Live
Barchasi