Ikki qiruvchi samolyot havoda to‘qnashdi. To‘rt uchuvchi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
15:49 4079 1 daqiqa
Filippinda harbiy-havo kuchlariga tegishli ikkita o‘quv samolyoti qulashi oqibatida to‘rt nafar uchuvchi halok bo‘ldi. Bu haqda Filippin harbiy-havo kuchlari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa kecha, 23 oktyabr kuni mamlakat poytaxti Manila janubidagi Batangas viloyatida joylashgan Fernando aviabazasida yuz bergan. SF-260 rusumli ikkita samolyot parvoz mashg‘uloti vaqtida halokatga uchragan.
Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, samolyotlar havoda bir-biri bilan to‘qnashgan. Harbiylarning ma’lum qilishicha, ikkala samolyot ham aviabaza hududiga qulagan. Hodisada uchuvchilardan boshqa hech kim jabrlanmagan.
Ma’lum qilinishicha, halokat sabablarini aniqlash uchun tekshiruv boshlangan. Tekshiruv yakunlanguniga qadar Filippin harbiy-havo kuchlarining barcha SF-260 rusumli o‘quv samolyotlaridan foydalanish vaqtincha to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nigeriyaning janubi-g‘arbiy qismidagi Ondo shtatida harbiy samolyot qulashi oqibatida bortdagi 25 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zosi – jami 32 kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi