Ikki davlat Eronga qarshi urushga qo‘shilishi mumkin – OAV

Olam

image

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon AQSHning Eronga berayotgan zarbalariga qo‘shilish qaroriga yaqin turibdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.

“Mamlakatning urushga kirishi faqat vaqt masalasidir”, deydi nashr manbalaridan biri.

Qayd etilishicha, urush boshlanishidan oldin Saudiya rasmiylari Eronni bombardimon qilish uchun o‘z ob’ektlari yoki havo hududidan foydalanishga ruxsat berishdan bosh tortgan. Tehron Saudiya Arabistonining muhim energetika ob’ektlari va mamlakat poytaxti Ar-Riyodga raketa va dronlar bilan zarba bera boshlagach, urushdan chetda qolishga urinish muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

WSJ manbalarining so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng Saudiya Arabistoni AQSH qo‘shinlariga Arabiston yarim orolining g‘arbidagi Podshoh Faxd nomidagi aviabazadan foydalanishga ruxsat bergan. Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud ham qirollikning sabr-toqati “cheksiz emasligi” haqida ogohlantirgan.

“Fors ko‘rfazi davlatlari Eronga javob qaytarishga qodir emas degan har qanday ishonch xatodir”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Shu bilan birga, BAA iqtisodiy choralar orqali Eronga bosimni kuchaytirmoqda.

Dubayda Tehron bilan bog‘liq muassasalar yopilgan, hukumat esa Eronning milliardlab dollarlik aktivlarini muzlatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, bu Eronning valyuta va xalqaro savdoga chiqishini cheklashi mumkin. Shu bilan birga, Amirliklarda Eronga qarshi turish uchun o‘z qo‘shinlarini yuborish masalasi muhokama qilinmoqda va ular AQSHni Eronning harbiy salohiyati jiddiy ravishda yo‘q qilinmaguncha sulh tuzmaslikka undamoqda.

Nashrning yozishicha, BAA va Saudiya Arabistonining harakatlari arab monarxiyalari AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasiga tobora chuqurroq jalb qilinayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, Fors ko‘rfazi davlatlari qo‘shin yuborish ularni Eronning ochiq dushmaniga aylantirishidan va urush tugab, AQSH mintaqani tark etgach, Tehron bilan yanada murakkablashgan munosabatlar qarshisida “yolg‘iz qolishdan” xavfsiramoqda.

21 mart kuni Saudiya Arabistoni Eronning harbiy attashesi, uning yordamchisi va diplomatik missiyaning uch nafar xodimini “persona non grata” deb e’lon qilgan. Ularga bir sutka ichida mamlakatni tark etish buyurilgan. Qirollik TIV bu qarorni Tehron tomonidan hujumlar davom etayotgani bilan izohlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan telefon muloqoti chog‘ida mamlakat Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy Vashington bilan muzokaralarni ma’qullaganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni urush Muhammad bin Salmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing