Guantanamodagi qamoqxona noqonuniy muhojirlar uchun tayyorlanmoqda
Olam
−
04 fevral 3670 2 daqiqa
300 dan ortiq amerikalik askar va dengiz piyodalari Kubadagi Guantanamo harbiy bazasidagi qamoqxonani noqonuniy muhojirlarni joylashtirishga tayyorlamoqda. Bu haqda AQSH Janubiy qo‘mondonligi vakiliga tayanib, “Military” portali xabar berdi.
“Shanba va yakshanba kunlari Guantanamo dengiz harbiy bazasiga askar va dengiz piyodalari yuborildi. Dushanba kuni Guantanamo ko‘rfazidagi missiyani 310 harbiy ta’minlayapti”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, harbiylar orasida 170 nafar dengiz piyodalari bor. Ular chodirlar va dala karavotlarini o‘rnatish bilan shug‘ullanadi.
Bungacha AQSH Prezidenti ma’muriyati muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya e’lon qilgandi. Qo‘shimcha mablag‘ ajratish orqali hibsga olish va deportatsiya markazlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Guantanamoda AQSHga qarashli harbiy baza joylashgan bo‘lib, 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan so‘ng u yerda xalqaro terrorchilar uchun qamoqxona ochilgan. Ko‘p o‘tmay, bu muassasa mahbuslarni sud va tergovsiz saqlash hamda ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilishi tufayli huquq himoyachilarining keskin tanqidiga uchragan. Umumiy hisobda qamoqxonadan 800 ga yaqin kishi jazo o‘tagan.
AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama 10 yildan ko‘proq vaqt avval Guantanamoni yopish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan, biroq Kongress qamoqxonani tugatish uchun mablag‘ ajratishdan bosh tortgani sababli bu rejani amalga oshira olmagan. Uning o‘rniga kelgan Tramp mazkur farmonni bekor qilgan bo‘lsa-da, uning prezidentligi davrida Guantanamoga yangi mahbuslar keltirilmagan. Jo Bayden administratsiyasi esa qamoqxonani yopishga intilishini bildirgan. Trampning yangi muddati boshlanishiga kelib, Guantanamoda 15 nafar mahbus qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Pentagon va Ichki xavfsizlik vazirligiga Guantanamo bazasida eng xavfli jinoyatchi-muhojirlarni saqlash uchun 30 ming kishilik migratsiya markazini tayyorlashni buyurgandi.
Live
Barchasi