Germaniyada yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
28 iyul 5460 1 daqiqa
Kecha, 27 iyul kuni Germaniya janubi-g‘arbida yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi. Hodisa oqibatida kamida 4 kishi halok bo‘lgan, 34 kishi jarohat olgan. Bu haqda “Schwäbische” gazetasi xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uch nafar yo‘lovchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Halokat sababi relsga tushgan ko‘chki bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Poyezd halokatidan oldin ushbu hududda kuchli dovul va yomg‘ir kuzatilgan. Ridlingen va Munderkingen o‘rtasidagi temiryo‘l liniyasida harakat to‘xtatilgan.
“Bild” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, halokat 55-raqamli, Ulm tomon harakatlanayotgan poyezd bilan yuz bergan. Jadvalga ko‘ra, u soat 17:33 da Zigmaringendan yo‘lga chiqqan bo‘lib, Mengen va Xerbertingenda to‘xtashi kerak bo‘lgan. Poyezdning old qismi chap tomonga relsdan chiqib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Kursk viloyatida temiryo‘l ko‘prigi poyezd bilan birgalikda qulab tushgandi. Hodisa oqibatida 1 kishi jarohatlangan.
Live
Barchasi