Germaniya va Fransiya qiruvchi samolyot bo‘yicha qo‘shma loyihadan voz kechdi

Olam

image

Berlin va Parij Yevropaning eng yirik mudofaa dasturlaridan biri hisoblangan yangi avlod qiruvchi samolyotini yaratish loyihasini to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya kansleri Fridrix Mers va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – G‘arbiy Bolqon sammiti doirasida ushbu masalani muhokama qilgan. Tomonlar loyiha ishtirokchilari o‘rtasidagi uzoq davom etgan kelishmovchiliklarni bartaraf etishning imkoni yo‘q degan xulosaga kelgan. Shundan so‘ng Mers Makronga qiruvchi samolyot yaratish tashabbusini davom ettirmaslikni tavsiya qilgan.

Fransiya Prezidenti ma’muriyati Airbus va Dassault Aviation o‘rtasida kelishuvga erishilmaganidan afsusda ekanini bildirgan. Tomonlar o‘rtasidagi asosiy bahslar loyiha ustidan nazorat, intellektual mulk huquqlari hamda samolyotning texnik talablari bilan bog‘liq bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, taxminan 100 milliard yevroga baholangan dastur 2017 yilda Makron va Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel tashabbusi bilan boshlangan. U oltinchi avlod qiruvchi samolyoti, unga hamrohlik qiluvchi dronlar va “jangovar bulut” tizimini yaratishni nazarda tutgan.

Manbalarga ko‘ra, loyiha doirasidagi ayrim texnologiyalar ustidagi ishlar davom etishi mumkin. Biroq yangi qiruvchi samolyotni yaratishga qaratilgan asosiy dastur amalda yakunlangan. Tahlilchilar bu holat Yevropaning yirik mudofaa loyihalarini birgalikda amalga oshirishda hanuz jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotganini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Buyuk Britaniya va Germaniya tomonidan ishlab chiqilayotgan uzoq masofali raketalar dasturiga qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu loyiha 2024 yilda Britaniya va Germaniya o‘rtasidagi mudofaa kelishuvi doirasida boshlangan bo‘lib, 2000 kilometrdan ortiq masofaga uchuvchi raketalar oilasini ishlab chiqishni nazarda tutadi. Bu raketalar dushman hududining chuqur qismidagi nishonlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing