Germaniya Ukrainaga yordamni davom ettirishga va’da berdi
Olam
−
24 fevral 3535 1 daqiqa
Germaniya hukumati Kiyevga yordam ko‘rsatishda davom etadi. Bu haqda bugun, 24 fevral kuni Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganining uch yilligi munosabati bilan yo‘llagan videomurojaatida ma’lum qildi.
“Yevropadagi tinchlik va erkinlik bizdan Ukrainaga qat’iy yordam berishimizni talab qiladi”, degan Shtaynmayer.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Ukrainani insonparvarlik yordami, mamlakatdan qochganlarni himoya qilish va harbiy yordam ko‘rsatish orqali qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga, Prezident ukrainaliklarning jasoratiga yuqori baho bergan.
“2022 yil 24 fevraldan buyon mamlakat nafaqat o‘z hududini himoya qilmoqda, balki demokratiya, o‘z taqdirini o‘zi belgilash, erkin Yevropa uchun kurashmoqda”, deya ta’kidlagan Prezident.
Uning qayd etishicha, Germaniya urush tugamaguncha Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmaydi. Shu bilan birga, Shtaynmayer Germaniya urush oqibatida vayron bo‘lgan Ukraina shaharlarini tiklashda ishtirok etishi va mamlakat tinch hayotga qaytishiga yordam berishi haqida qo‘shimcha qilgan.
Qolaversa, u Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilmoqchi bo‘lganini ham ijobiy baholagan.
“Ukrainaning Yevropa Ittifoqidagi kelajagi ham Germaniya uchun muhim maqsaddir”, degan Prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya kansleri Olaf Shols AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyni diktator degan da’vosini keskin rad etgandi. Germaniya kansleriga ko‘ra, Zelenskiy Ukrainaning qonuniy davlat rahbari sanaladi.
Live
Barchasi