Germaniya Ukrainaga 11,5 milliard yevrodan ortiq yordam ajratadi

Olam

image

Germaniya 2026 yilda Ukrainaga 11,5 milliard yevrodan ortiq yordam beradi. Bu haqda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Berlinda o‘tgan E5 guruhi (Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya va Polsha) mudofaa vazirlari yig‘ilishi yakunida jurnalistlarga ma’lum qildi.

Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat Ukrainani yolg‘iz qoldirmaydi.

“Ukraina bizga ishonishda davom etishi mumkin. Bu haqda biz videokonferensiya orqali yig‘ilishga qo‘shilgan ukrainalik hamkasbimiz Denis Shmigalga yana bir bor tasdiq berdik. U bizga eng so‘nggi ma’lumotlarni taqdim etdi”, deydi u.

Vazirning ta’kidlashicha, Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda yetakchi pozitsiyasini saqlab qoladi. U Bundestagning Kiyevga yordam miqdorini oshirish haqidagi qarorini eslatdi.

“Shu tariqa yordamning umumiy hajmi 2026 yilda 11,5 milliard yevrodan oshadi”, deydi vazir.

Shuningdek, u Germaniya PURL mexanizmida (Ukrainaning ustuvor ehtiyojlar ro‘yxati) ishtirok etayotganini aytdi. Bu mexanizm Ukraina uchun AQSH qurollari va uskunalarining yetkazib berilishini nazarda tutadi.

Pistoriusning aytishicha, Germaniya avvalroq 500 million yevrolik yirik PURL paketini moliyalashtirish majburiyatini olgan.

Vazir NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan suhbatda Germaniyaning yana bir PURL paketiga — 150 million yevrolik tashabbusga qo‘shilish niyatini bildirganini ma’lum qildi. Yig‘ilishda, shuningdek, gibrid hujumlar masalasi ham muhokama qilingan.

Pistoriusning fikricha, Rossiya o‘zidagi muammolar va kamchiliklardan  e’tiborni chalg‘itishga, Yevropa jamoatchiligini esa qo‘rqitish va beqarorlashtirishga urinmoqda.

“Biz turli xil gibrid hujumlarga qat’iy, birlikda va ehtiyotkorona javob berdik”, deydi u.

Italiya mudofaa vaziri Gvido Krozetto Yevropa mudofaasini mustahkamlash uchun kuchlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladi.

“Germaniyaning mudofaa xarajatlarini oshirishi — Yevropa fuqarolari uchun kafolatdir”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Ukraina uchun AQSH qurollarini xarid qilishni nazarda tutuvchi PURL (Prioritized Ukraine Requirements List) tashabbusi doirasida kamida yana 150 million yevro ajratishi xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Ukraina yordam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing