Germaniya Prezidenti Madridga borib, Toni Kroosni taqdirladi
Sport
−
29 noyabr 2025 960 2 daqiqa
27 noyabr kuni Toni Kroos uchun Madriddagi “Santyago Bernabeu” stadionida maxsus marosim bo‘lib o‘tdi. Ushbu marosimda sobiq nemis yarim himoyachisi Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer tomonidan mamlakatning eng yuqori mukofotlaridan biri “Xizmatlari uchun” ordeni va ritsar xochi bilan taqdirlandi. Bu haqda AS xabar berdi.
“Bu stadion 10 yil davomida mening uyim bo‘ldi. Bu yerda bo‘lish, qadriyatlarni yetkazish, klub poydevoriga hissa qo‘shish katta mas’uliyat. Futboldan tashqari hayotning qandayligini tushunishga harakat qildim va bunga hamkorlarim yordam berdi”, deydi Toni Kroos.
Bu safargi mukofot “Santyago Bernabeu” stadionida Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer tomonidan topshirildi. Marosimning Madridda o‘tkazilishiga sabab Kroos nafaqaga chiqqanidan beri poytaxtda yashashi va Boadilya-del-Monte shahrida o‘z akademiyasini ochganligi bo‘ldi.
“Germaniya Prezidentini uyimizda kutib olish katta sharaf. Toni Kroos kabi afsonani sharaflash uchun Bernabeuni tanlagani uchun minnatdorman. U “Real Madrid”ning mehnat va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan futbolchi. Qiyinchiliklarni yengish, hurmat, birdamlik bular Kroosning ruhida. U faoliyatining eng yuqori cho‘qqisida futboldan ketdi. Biz Kroos bilan faxrlanamiz. U bizga unutilmas futbol sovg‘a qildi”, deydi “Real Madrid” klubi prezidenti Florentino Peres.
“Bu buyuk futbolni sharaflash uchun eng munosib joy. Ko‘plab raqiblarda qo‘rquv uyg‘otadigan bu stadionda tarixning nafasini his qilish mumkin. Toni Kroos nafaqat maydon ichida, balki tashqarisida ham birlashtiruvchi kuch bo‘lgan futbolchi. U Germaniya va Ispaniya o‘rtasidagi do‘stlikka ulkan hissa qo‘shdi”, deydi Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer.
Ma’lumot uchun, Toni Kroos “Real Madrid” safida 2014–2023 yillar davomida o‘ynagan. Shu davr mobaynida u jamoa bilan 5 marta Chempionlar ligasi va 3 marta La Liga chempionlik sovrinini qo‘lga kiritgan.