Germaniya Mudofaa vaziri Ukrainaga Pentagon rahbaridan ham kattaroq sovg‘a berdi

Olam

image

Germaniya Ukrainaga umumiy qiymati 1,3 milliard yevro bo‘lgan yangi harbiy yordam paketini taqdim etmoqda. Bu haqda Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius Kiyevdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Aytilishicha, yangi paket to‘rtta IRIS-T tizimi, 20 ming 155 millimetrli artilleriya snaryadlari, tankka qarshi minalar va boshqa qurollarni o‘z ichiga oladi.

“Bu o‘tgan qishdan beri beshinchi shunday paket. Va ishonchim komilki, u sizga Rossiya agressiyasiga qarshi kurashingizda yordam beradi”, degan Pistorius.

Biroq, Kiyev uzoq vaqtdan beri so‘rab kelayotgan uzoq masofali Taurus raketalarini yetkazib berish ehtimoli haqidagi savolga vazir bu borada yangi ma’lumot yo‘qligini aytgan.

Shu bilan birga, u kelasi yili Germaniya Ukrainaga 155 mm kalibrli 140 ming snaryad yetkazib berishni rejalashtirayotganini ta’kidlagan.

Pistorius ukrainalik mavqedoshi Rustam Umarov va Prezident Vladimir Zelenskiy bilan ham uchrashgan.

“Suhbatdoshlar ukrainalik himoyachilarning ustuvor ehtiyojlarini, xususan Qora dengizdagi muqobil “don yo‘lagi”ni himoya qilishni ta’minlash kontekstida muhokama qildi”, deyiladi Ukraina Prezidentining matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, ular Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha keyingi qadamlarni, jumladan, havo hujumidan mudofaa texnikasi, zirhli texnika, artilleriya va o‘q-dorilarni yetkazib berishni ham muhokama qilgan. Tomonlar mudofaa sanoati sohasida hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari va ayrim turdagi qurollarni qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratgan.

Ma’lumot uchun, Germaniya harbiy yordam bo‘yicha Ukrainaning AQSHdan keyin ikkinchi yirik ittifoqchisi hisoblanadi. 

Eslatib o‘tamiz, Boris Pistorius kecha, 21 noyabr kuni, AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga kelganining ertasiga Kiyevga tashrif buyurgandi. Pentagon rahbari ham Kiyevda AQSH Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi erkinlik uchun kurashda – bugun ham, kelajakda ham qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytgandi. Shu kuni AQSH Mudofaa vazirligi Ukrainaga 100 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini taqdim etayotganini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Ukraina Vladimir Zelenskiy Rustam Umarov Boris Pistorius

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made