G‘azoda ochlikdan o‘layotganlar ko‘paymoqda
Olam
−
21 avgust 2358 2 daqiqa
So‘nggi 24 soat ichida G‘azo sektorida yana ikki falastinlik ochlikdan vafot etdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, shu tariqa 2023 yil 7 oktyabrdan buyon ochlik qurbonlari soni 271 nafarga yetdi, ularning 112 nafari bolalar sanaladi.
Vazirlik ochlikning asosiy sababi sifatida Isroilning blokadasi va davom etayotgan hujumlarini ko‘rsatgan. Aytilishicha, G‘azoda og‘ir gumanitar inqiroz yuzaga kelgan – aholiga oziq-ovqat, toza suv, dori-darmon, tibbiy jihozlar va gigiyena vositalari yetkazib berish keskin cheklangan.
Hududda ochlikdan o‘limlar soni tobora ortib bormoqda, eng ko‘p talafot bolalar orasida kuzatilmoqda. Mintaqaviy va xalqaro manbalar Isroilni “ochlik va chanqoqlikni qurol sifatida qo‘llayotganlikda” ayblamoqda.
Falastinliklarning ko‘pchiligi eski chodirlarda yoki gavjum maktablarda yashashga majbur bo‘lmoqda. Bu joylarda gigiyena vositalari va hojatxonalar yetishmaydi, infeksion kasalliklar tarqalmoqda. Shuningdek, ko‘chirilgan tinch aholining yashash joylari va chodirlari har kuni Isroil armiyasi hujumlariga uchramoqda.
Ma’lumot uchun, Isroilning qariyb ikki yildan buyon davom etayotgan harbiy amaliyotlari oqibatida G‘azo sektorida shu kunga qadar 62 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 avgust kuni Isroil armiyasi (SAXAL) G‘azo shahriga bostirib kirishni boshlaganini e’lon qilgandi. Isroil armiyasining rasmiy vakili, brigada generali Effi Defringa ko‘ra, armiya kuchlari allaqachon G‘azo shahrining chekka hududlarini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, u shu hafta isroilliklarga harbiy xizmatga chaqiruv bo‘yicha qariyb 60 mingta, shu oyning oxirida esa yana 20 mingta xat yuborilishini tasdiqlagan.
Live
Barchasi