G‘azo va G‘arbiy Sohilga 1,2 mlrd dollarlik yordam kerak – BMT
Olam
−
03 noyabr 2023 2797 2 daqiqa
Yil oxirigacha Isroil tomonidan bosib olingan Falastin hududlaridagi aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun kamida 1,2 milliard dollar kerak bo‘ladi. BMT va uning hamkorlari 6 noyabr kuni ushbu mablag‘larni ajratish bo‘yicha xalqaro hamjamiyatga murojaat qiladi. Bu haqda BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) rasmiy vakili Yens Larke Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
“Bosib olingan Falastin hududlaridagi inqiroz kuchayib borar ekan, biz va hamkorlarimiz dushanba kuni yilning qolgan oylarini qamrab olgan tezkor murojaatni e’lon qilamiz”, deydi u.
Aytilishicha, 2,7 million kishining, ya’ni G‘azoning butun aholisi va bosib olingan G‘arbiy Sohildagi 500 ming kishining ehtiyojlariga javob berish qiymati 1,2 milliard dollarga baholanmoqda.
Yens Larkening tushuntirishicha, 12 oktyabr kuni e’lon qilingan dastlabki murojaat deyarli 1,3 million kishini qo‘llab-quvvatlash uchun 294 million dollarga mo‘ljallangan.
"O‘shandan beri vaziyat yanada chidab bo‘lmas holga keldi. Qayta ko‘rib chiqilgan tezkor murojaat G‘azo sektoridagi ommaviy bombardimondan keyin oziq-ovqat, suv, sog‘liqni saqlash, boshpana, gigiyena va boshqa dolzarb ustuvor vazifalarni aks ettiradi. Biz donorlarni javob uchun resurslarni tezda taqdim etishga chaqiramiz”, deydi BMT vakili.
Uning aytishicha, gumanitar operatsiyaning samaradorligi "mojaro ishtirokchilari tomonidan xususiy sektor va nodavlat tashkilotlarning faoliyati uchun taqdim etilgan himoya va kafolatlarga" bog‘liq. Bundan tashqari, Isroil nazorat-o‘tkazish punktlarini ochish ham asosiy ahamiyatga ega.
G‘azo sektoridagi vaziyatga to‘xtalib o‘tgan Larke so‘nggi 17 kun ichida halok bo‘lgan falastinliklar soni 9061 kishiga yetganini, ayollar va bolalar bu qurbonlarning qariyb 62 foizini tashkil etganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qilganini aytgandi. Bugun, 3 noyabr kuni esa Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Falastin xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun 1 million dollar ajratilishini ma’lum qildi.