G‘azo qamalini buzishni maqsad qilgan yordam kemasi Italiyadan jo‘nab ketdi

Olam

image

Xalqaro fuqarolik tashabbusi Ozodlik floti koalitsiyasi (Freedom Flotilla Coalition, FFC) kemasi G‘azo sektori aholisiga yordam yetkazish va blokadani ramziy ravishda buzish maqsadida Italiyaning Kataniya portidan jo‘nab ketdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Kecha, 1 iyun kuni 18 metrlik “Madleen” yelkanli yaxtasi San-Jovanni Li Kuti portidan suzib ketdi. Kema bortida 12 nafar faol, jumladan, shved ekologiya faoli Greta Tunberg va irlandiyalik aktyor Liam Kanningem bor. Suzib ketish oldidan portga yig‘ilgan o‘nlab odamlar missiya ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlashlarini izhor qilgan. Namoyishchilar Falastin bayroqlarini ko‘tarib, G‘azoni himoya qilish uchun shiorlar aytgan.

“Insoniyatning bir tomchi ham vijdoni qolsa, biz Falastin va uning ozodligi uchun kurashishga majburmiz. Men shu yerdaman, chunki bu bizning axloqiy burchimizdir. Bu missiya hukumatlarimiz, korporatsiyalarimiz, institutlarimiz va ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘nlab yillar davomida Isroil tomonidan qatag‘on, muntazam ochlik, etnik tozalash va genotsidga uchragan falastinliklarga bag‘ishlangan. Bu missiya qanchalik xavfli bo‘lsa, dunyoning genotsid qarshisida sukut saqlashi bundan ham xavfliroqdir”, dedi “Ozod Falastin” yozuvi tushirilgan qora futbolka kiygan Tunberg.

Ozodlik flotiliyasi koalitsiyasining rasmiy bayonotida aytilishicha, “Madleen” yaxtasi chaqaloq formulasi (kukunli sut), tibbiy buyumlar va boshqa muhim insonparvarlik buyumlarini olib yuradi. Kema xalqaro suvlar orqali Yevropa Ittifoqi davlatlarining hududiy suvlarini chetlab o‘tib, G‘azo qirg‘oqlariga yetib borish niyatida.

Bayonotda sayohat zo‘ravonliksiz, qurolsiz va xalqaro huquq normalariga to‘la muvofiq ravishda amalga oshirilgani ta’kidlandi. Missiyaga har qanday aralashish tinch aholiga noqonuniy hujum deb hisoblanadi. Taxminlarga ko‘ra, “Madleen” G‘azo qirg‘oqlariga bir hafta ichida yetib borishi mumkin.

Biroq o‘tgan oy Malta yaqinidagi xalqaro suvlarda hujumga uchragan boshqa koalitsiya kemasi “Conscience” bilan sodir bo‘lgan vaziyatning takrorlanishi xavfi mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:23 da gumanitar yordam olib ketayotgan “Conscience”ga uchuvchisiz samolyotlar hujum qilgan. Oqibatda kemaning korpusi shikastlangan va yong‘in chiqqan.

“Times of Malta” nashriga ko‘ra, voqea sodir bo‘lishidan bir necha soat oldin Isroilning harbiy C-130 transport samolyoti Malta hududini uch soat davomida aylanib chiqqan. Isroil davlat televideniyesi KAN bunday samolyot haqiqatan ham Malta tomon yo‘l olganini tasdiqladi, biroq ularga ko‘ra, kemaga hujum bo‘lishidan oldin u Isroilning janubiy havo bazasiga qaytgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Italiya Isroil Greta Tunberg G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing