G‘arbiy Yevropada 27 yilda ilk bor to‘liq quyosh tutildi (fotoreportaj)
Olam
−
10:23 754 2 daqiqa
Ispaniyaning shimoliy hududlarida kecha, 12 avgust kuni kamyob astronomik hodisa ya’ni to‘liq quyosh tutilishi kuzatildi. Hodisani ko‘rish uchun mamlakatning turli hududlariga millionlab sayyoh va mahalliy aholi yig‘ildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, quyosh tutilishi vaqtida Oy Quyoshni to‘liq to‘sgan hamda ayrim hududlar qisqa muddatga qorong‘ilikka cho‘kkan. Madrid shimolidagi Buitrago de Lozoya hududida tutilish mahalliy vaqt bilan soat 20:30 dan keyin kuzatilgan va to‘liq qorong‘ilik bir daqiqaga yaqin davom etgan.


Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hodisa vaqtida osmon qorong‘ilashib, Quyosh yana ko‘rina boshlaganida ranglar asta-sekin qaytgan. Ayrim kuzatuvchilar bu manzarani ilmiy-fantastik filmga o‘xshatgan.


Ispaniya rasmiylari tutilish yo‘nalishidagi hududlarga 6 milliongacha kuzatuvchi kelishini kutgan. Shu sababli xavfsizlik choralariga alohida e’tibor qaratilib, 25 ming nafar politsiyachi jalb etilgan. Shuningdek, qariyb 100 ta samolyot va vertolyot navbatchilikka qo‘yilgan.


Hodisa o‘rmon yong‘inlari xavfi yuqori bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelgan. Valensiya mintaqasidagi Peniskola shahri yaqinida quyosh tutilishini tomosha qilish uchun tashkil etilgan joy atrofida yong‘in chiqqan. Yong‘in avtomobildan boshlanib, yana 33 ta transport vositasiga tarqalgan, biroq favqulodda xizmatlar tomonidan nazoratga olingan.


Shuningdek, to‘liq quyosh tutilishi Islandiyada ham kuzatilgan. Mamlakatga 80 ming nafargacha sayyoh tashrif buyurgan. Reykyavikda esa tutilishni xavfsiz kuzatish uchun mo‘ljallangan maxsus ko‘zoynaklar bir necha kun oldin sotib bo‘lingan.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi eng kuchli quyosh teleskopi yordamida olimlar Quyosh yuzasini misli ko‘rilmagan darajada yuqori aniqlikda tasvirga olishgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi