Futbol sababli ayol erini pichoqladi
Sport
−
24 fevral 1593 1 daqiqa
Joriy yilning 22 fevral kuni Italiya A seriyasi doirasida “Atalanta” hamda “Napoli” o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida oilaviy mojaro sabab bir muxlis pichoqlandi. Bu haqda “The Touchline” nashri xabar berdi.
Mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari ma’lumotiga ko‘ra, 40 yoshli erkak o‘yinni uyida tomosha qilayotgan bo‘lgan. VAR tizimi “Napoli” foydasiga belgilangan penaltini bekor qilganidan so‘ng, u hissiyotlarga berilib, televizor qarshisida baland ovozda haqoratli so‘zlar aytgan. Uning yaqinida bo‘lgan 35 yoshli rafiqasi bu so‘zlarni o‘ziga qaratilgan deb o‘ylagan. Oqibatda er-xotin o‘rtasida og‘zaki tortishuv boshlangan va u qisqa fursatda jismoniy to‘qnashuvga aylangan.
Xabarlarga ko‘ra, ayol avval eriga qaychi uloqtirgan, so‘ng oshxona pichog‘i bilan uning yon qismiga pichoq sanchgan. Hodisa joyiga yetib kelgan politsiya erkak tanasida bir nechta pichoq jarohatlarini aniqlagan.
Jabrlanuvchi shifoxonaga yetkazilib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shifokorlar uning hayoti xavf ostida emasligini ma’lum qilgan. Ayol esa hibsga olingan, hodisa yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur uchrashuvda “Napoli” 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan.