Fransiya va Buyuk Britaniya Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyor
Olam
−
07 yanvar 3435 3 daqiqa
Fransiya va Buyuk Britaniya Rossiya bilan harbiy harakatlar to‘xtatilganidan keyin Ukrainaga tinchlikni ta’minlash uchun qo‘shin yuborishga tayyor. Bu haqdagi kelishuvni kecha, 6 yanvar kuni Parijda bo‘lib o‘tgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” sammitiga borgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy imzoladi.
Sammit ishtirokchilari, jumladan AQSH Prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner ham “Parij deklaratsiyasi”ni imzolab, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash niyatini bildirdi.
Muzokaralarda qariyb 30 ta davlat vakillari qatnashdi. Ular orasida Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Polsha Bosh vaziri Donald Tusk, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va boshqa yuqori martabali siyosatchilar bor edi.
Sammitning asosiy natijasi “Parij deklaratsiyasi” bo‘lgan. Uning matni Yelisey saroyi tomonidan qilingan.
Hujjat besh banddan iborat:
- AQSH o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini ta’minlaydi. Shuningdek, qoidabuzarliklarga munosabat bildiradigan va ayb kimda ekanini aniqlaydigan maxsus komissiya tuziladi.
- “Ko‘ngillilar koalitsiyasi” a’zolari Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi. Ular Rossiya tomonidan ehtimoliy yangi tajovuzning oldini olishda “birinchi mudofaa chizig‘i” bo‘lishi kerak. Bu moliyalashtirish, qurol-yarog‘ yetkazib berish va mudofaa inshootlarini qurishga yordam berishni o‘z ichiga oladi.
- Ukrainaga ko‘p millatli kuchlar yuboriladi. Ular “ko‘ngillilar koalitsiyasi” a’zolaridan iborat bo‘ladi va Ukraina armiyasini tiklashga ko‘maklashadi. Bu kuchlar faqat harbiy harakatlar tugaganidan keyin yuboriladi va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin.
- Rossiya tomonidan kelajakda yana hujum bo‘lsa, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha huquqiy majburiyat ishlab chiqiladi. Bu majburiyatlar keyinchalik aniq shakllantiriladi va harbiy imkoniyatlardan foydalanish, razvedka, logistika yordami, diplomatik tashabbuslar hamda qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishni o‘z ichiga olishi mumkin.
- Ukraina bilan uzoq muddatli mudofaa hamkorligini rivojlantirish majburiyati. Bu harbiylarni tayyorlash, qurol-yarog‘ni ishlab chiqarish va razvedka sohasidagi hamkorlikni qamrab oladi.
Bundan tashqari, Fransiya, Buyuk Britaniya va Ukraina uch tomonlama deklaratsiya imzolagan. Unda Parij va London urush to‘xtatilgan taqdirda Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyor ekanini bildirgan.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning aytishicha, bu hujjat “Ukraina hududida britan, fransuz va hamkor davlatlar kuchlarining faoliyati uchun huquqiy asos yaratadi”.
Qayd etish joizki, Rossiya rasmiylari bir necha bor Ukrainada xorijiy qo‘shinlarning joylashtirilishiga rozi bo‘lmasligini, buni o‘z xavfsizligiga tahdid, deb hisoblashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘tgan yilning 29 dekabr kuni AQSH Prezidenti Donald Trampdan Ukraina uchun uzoq muddatli – 30-50 yilgacha bo‘lgan xavfsizlik kafolatlarini berishni so‘ragandi. Zelenskiyning aytishicha, hozir tomonlar 15 yillik kafolatlar variantini, keyinchalik ularni uzaytirish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Live
Barchasi