Fransiya Ukrainada dron ishlab chiqarmoqchi
Olam
−
07 iyun 3390 2 daqiqa
Fransiya kompaniyalari Ukraina hududida dronlar ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu haqda Fransiya Mudofaa vaziri Sebasten Lekornyuga tayanib, “Le Monde” xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu loyiha Fransiyaning yetakchi avtomobilsozlik kompaniyalaridan biri (uning nomi oshkor qilinmagan) bilan harbiy sanoatning kichik yoki o‘rta korxonasi hamkorligida amalga oshiriladi.
“Ular birgalikda Ukrainada ishlab chiqarish quvvatlarini yaratadilar, aynan shu yerda dronlar yig‘iladi”, degan Lekornyu.
Vazir dronlarning aniq turi yoki vazifasini aytmagan bo‘lsa-da, ularning bir qismi Ukraina armiyasiga, qolganlari esa Fransiyada foydalanish uchun mo‘ljallanishini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, fransuz armiyasi bu dronlardan real jangovar sharoitlarga yaqin mashg‘ulotlar davomida foydalanadi.
Shuningdek, Lekornyu Ukrainada ochiladigan zavodlarda ukrainalik mutaxassislar ishlashini alohida ta’kidlagan. Uning fikricha, Ukraina dronlar ishlab chiqish va ularni jangovar sharoitda qo‘llash bo‘yicha yuqori salohiyatga ega.
“Ukrainaliklar nafaqat dronlar yaratishda, balki ular uchun zamonaviy jangovar doktrinalar ishlab chiqishda ham bizdan ustun”, degan Mudofaa vaziri.
Bu bayonot Lekornyuning 5 iyun kuni Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan keyin e’lon qilingan. Muzokaralarda harbiy-sanoat hamkorligini kengaytirish, jumladan Fransiya kompaniyalarining Ukraina Qurolli kuchlari uchun dronlar ishlab chiqarishda ishtiroki muhokama qilingan.
“Biz eng yaxshi ishlab chiqaruvchilarga imkoniyat yaratishga tayyormiz. Ukrainada jangovar tajriba bor, Fransiyada esa kuchli sanoat bazasi. Bu ikki tomonlama foydali va strategik hamkorlik”, degan Umarov.
Vazirlar, shuningdek, boshqa turdagi qurollar, jumladan havo hujumidan mudofaa tizimlarini hamkorlikda ishlab chiqarish masalalarini ham muhokama qilgan. Uskunalar Ukrainada yoki Fransiyada yig‘ilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir qator Yevropa davlatlari AQSH harbiy yordamni to‘xtatishi mumkinligi sababli Ukrainada qurol ishlab chiqarishga sarmoya kiritishni boshlamoqchiligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi