Fransiya Durovni Rossiyaga bermaydi – fransiyalik advokat

Olam

image

Avvalroq, Rossiya xavfsizlik xizmati Telegram asoschisi Pavel Durovni terrorizmni targ‘ib qilish va Ukrainaga yordam berishda ayblab xalqaro qidiruvga bergan edi. Kecha, 29 iyul kuni Fransiyalik advokat Filipp de Vel esa Rossiyada Pavel Durovga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan munosabat bildirib, Fransiya o‘z fuqarolarini boshqa davlatlarga ekstraditsiya qilmasligini aytdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

“Fransiya Jinoyat-protsessual kodeksining 696-4-moddasi mamlakat fuqarolarini ekstraditsiya qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Biroq, agar tegishli harakatlar Fransiya hududida ham jinoyat deb topilsa, mamlakatning o‘zi jinoiy ta’qibni boshlashi mumkin”, degan de Vel.

Advokatning qayd etishicha, agar Rossiya Durovni hibsga olish uchun Interpol orqali xalqaro qidiruv e’lon qilsa ham, bu Fransiyada avtomatik tarzda ijro etilmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatda prokuratura va sud organlari so‘rovni o‘rganib chiqadi.

“Avvalo, ushbu harakat Fransiya qonunchiligiga ko‘ra jinoyat hisoblanadimi yoki yo‘qmi, shuningdek, Interpol nizomiga mos keladimi, degan masalalar ko‘rib chiqiladi”, degan advokat.

De Vel Interpol nizomining 3-moddasiga ham e’tibor qaratib, tashkilot siyosiy, harbiy, diniy yoki irqiy xarakterdagi ishlar bo‘yicha aralashmasligini eslatgan.

Uning fikricha, agar Fransiya mazkur ishni siyosiy asosga ega deb hisoblasa yoki undagi harakatlar mamlakat qonunchiligida jinoyat sifatida ko‘rilmasa, shaxsni hibsga olish yoki boshqa choralarni qo‘llashdan voz kechishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Durovga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi (terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing